English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun ustuvorligiga tayangan taraqqiyot: parlament va xalq ishtirokining yangi bosqichi
15:34 / 2025-12-29

Demokratik taraqqiyotning haqiqiy mezoni – fuqaro hayotida seziladigan adolat va tartibdir. Davlat mablag‘lari sarfi ochiq bo‘lsa, qarorlar muhokamadan o‘tsa, nazorat ishlasa – ishonch mustahkamlanadi, natija tezroq ko‘rinadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi aynan shu tamoyillarni kuchaytirishga qaratilgan muhim siyosiy-huquqiy dastur sifatida ahamiyat kasb etdi.

Unda 2026 yil hamda keyingi besh yillik uchun strategik vazifalar belgilanar ekan, davlat boshqaruvini isloh qilish, ochiqlik va hisobdorlikni oshirish, fuqarolarning qaror qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish masalalari o‘zaro bog‘liq tizimda bayon etildi.

Ayniqsa, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb belgilanishi Murojaatnomaning bosh g‘oyasini yaqqol ko‘rsatadi: islohotlar faqat markazda emas, joylarda – mahalla instituti va mahalliy vakillik organlari ishtirokida chuqurlashishi kerak. Bu yondashuv davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

“Kuchli parlament” – siyosiy qarorlarning sifat kafolati

Demokratiya sifati qonun chiqaruvchi hokimiyatning mustaqilligi, ta’sirchan nazorat vakolatlari va deputatlarning haqiqiy vakillik missiyasini to‘liq bajarishiga bevosita bog‘liq. Davlat Rahbari ilgari surgan tashabbuslar parlament nazoratining institutsional asoslarini mustahkamlash, davlat moliyasi sohasida hisobdorlikni oshirish hamda mahalliy darajada muvozanatni ta’minlashda yangi bosqichni boshlab bermoqda.

Shu jihatdan davlat kafolati ostida jalb etiladigan tashqi mablag‘larni parlament tasdig‘idan o‘tkazish amaliyotini joriy etish byudjet intizomi va moliyaviy mas’uliyat nuqtai nazaridan muhim qadamdir. Bu yondashuv davlat qarzi masalasini faqat ijro hokimiyati doirasida hal etish bilan cheklamay, jamoatchilik manfaatlarini ifoda etuvchi vakillik organi muhokamasi orqali qarorga aylantirishga xizmat qiladi. Natijada “maqsad – samara – javobgarlik” zanjiri mustahkamlanadi, strategik loyihalar tanlovi asosliroq bo‘ladi, iqtisodiy hamda siyosiy hisobdorlik yuksaladi.

Shaffof xaridlar – adolatli raqobat va tejamkor sarf

Murojaatnomada davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qilish holatlarini faqat qonun bilan cheklash zarurligiga urg‘u berildi. Bu korrupsiya xavflarini kamaytirishga qaratilgan prinsipial yondashuv bo‘lib, parlamentning qoidalarni belgilash va ijroni nazorat qilish vakolatini yanada kuchaytiradi.

Shaffof xarid – faqat statistika emas, kundalik hayot sifatiga ta’sir qiluvchi omil. Tanlov va raqobat tamoyili kuchaygan sari davlat mablag‘lari samaraliroq sarflanadi, ijtimoiy loyihalar sifatliroq bajariladi, jamoat manfaatiga xizmat qiluvchi natija tezroq ko‘rinadi.

Deputat so‘rovi – “xat-xabar” emas, ta’sirchan nazorat vositasi

Deputatlik nazoratining ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan takliflar ham alohida ahamiyatga ega. Deputat so‘rovlari ijrosihar chorakda tahlil qilinib, sustkashlik holatlari bo‘yicha prokuratura organlariga taqdimnoma kiritish amaliyotini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ijro intizomini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bu yerda asosiy maqsad – deputat murojaatiga berilgan javob qog‘ozda qolib ketmasligi, mas’uliyatsizlik belgilari mavjud hollarda tegishli huquqiy baho berilishi va amaliy chora ko‘rilishini ta’minlashdir. Bunday yondashuv “deputat – xalq ovozi” tamoyilining amaldagi ta’sirini oshiradi.

Mahalliy darajada muvozanat: vakolatlarni ajratish

Hokim va Kengash raisi vakolatlarini tuman va shahar darajasigacha ajratish tashabbusi demokratik boshqaruv arxitekturasi uchun muhim hisoblanadi. Chunki ijro va vakillik vakolatlari bir nuqtada jamlanganda nazorat mexanizmi tabiatan zaiflashadi.

Vakolatlarni ajratish mahalliy Kengashlarning ta’sirchanligini oshirib, deputatlarning byudjet, ijtimoiy masalalar va hududni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha prinsipial nazorat olib borishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu esa joylarda qaror qabul qilish jarayonini mazmunan boyitadi.

Raqamlashtirish – yangi standart va yangi mas’uliyat

Davlat boshqaruvida raqamlashtirish va shaffoflikni kengaytirishga qaratilgan choralar parlamentning zamonaviy rolini talab qiladi. Yagona integratsiyalashgan elektron platformani yangilash, ma’lumotlar almashinuvini tizimlashtirish, inson omilini qisqartirish kabi yondashuvlar qonunchilik bazasi, parlament eshituvlari, sohaviy qo‘mitalar nazorati va deputatlik o‘rganishlari bilan uyg‘unlashgandagina to‘liq samara beradi. Shu orqali nazorat dalilga asoslanadi, natija ko‘rsatkichlari bo‘yicha tahlil madaniyati mustahkamlanadi.

Partiyalar faoliyati – taklif va nazorat sifati bilan o‘lchanadi

Murojaatnomadagi yo‘nalishlar siyosiy partiyalar va deputatlik guruhlari oldiga ham mas’uliyat qo‘yadi. Demokratiyada raqobat faqat tanqid emas; u amaliy taklif, muqobil yechim va qarorlar ijrosini doimiy nazorat qilish orqali namoyon bo‘ladi. Shu bois partiyalar faoliyati mazmuni deputatlarning huquqiy savodxonligi, tahliliy salohiyati va fuqarolar bilan muloqoti orqali baholanadi.

Murojaatnomada belgilangan tashabbuslar demokratiyani mazmunan boyitishga xizmat qiladi: parlament nazoratini kuchaytirish, davlat moliyasida mas’uliyatni oshirish, mahalliy darajada vakolatlar muvozanatini ta’minlash, deputat so‘rovining ta’sirchanligini yuksaltirish hamda raqamlashtirish orqali ochiqlikni mustahkamlash shular jumlasidandir. 

Eng muhimi, bu tashabbuslarning hayotga tatbiqi davlat idoralari bilan bir qatorda deputatlar, siyosiy partiyalar va jamoatchilikningham mas’uliyati va doimiy muloqotiga bog‘liq.

Baxtiyor Abdullayev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi bo‘lim boshlig‘i