Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlagan jahongir
15:22 / 2023-04-09

Poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida buyuk Sohibqiron bobomiz tavalludining 687 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan fayzli xiyobonga olimlar, yozuvchi va shoirlar, harbiylar, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari, xorijlik mehmonlar to‘plandi.

Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali ulug‘ jahongir bobomiz Amir Temur buyuk davlat arbobi, mohir lashkarboshi, ilm-fan, madaniyat va ma’rifat homiysi sifatida jahon tarixiga kirgani, bu zot nainki o‘zbek xalqining, balki dunyo xalqlarining faxru iftixoriga aylanganini ta’kidladi. Temur bobomiz Turonzaminda tinchlik o‘rnatib, uning har jihatdan rivoji, xalqning tinch va osoyishta hayot kechirishi, davlatning qudratli bo‘lishi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rgani diqqatga sazovor. Amir Temur va temuriylar davrida o‘zbek xalqi davlatchiligi rivoj topdi, obodlik va madaniyat yuqori darajaga ko‘tarildi. Sohibqiron mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minladi. «Kuch – adolatda!» degan ezgu g‘oya mamlakatning bosh shioriga aylandi. bugungi davrda Sohibqiron bobomiz shaxsiyatiga xos bo‘lgan qahramonlik, jasurlik, fidoyilik, taraqqiyparvarlik, Vatanga va xalqqa sadoqat har birimiz uchun o‘rnakdir.

Ozarbayjonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Husayn Guliyev Amir Temur shaxsiyati turlicha talqin etilsada, u haqda doim haqqoniy fikrlar bildirilganini ta’kidladi.

– Uning «Kuch – adolatda!» degan g‘oyasini barcha birdek e’tirof etadi,  dedi Husayn Guliyev.  Temur davlati haqiqiy xalqchil davlat edi. Haqiqatparvarligi, xalqchilligi uning har bir ishidagi bosh shiori edi. Boshqa hukmdorlardan farqli ravishda, Amir Temur o‘zi fath etgan yerlarni vayron qilmagan, odamlarni qatag‘on etmagan. Balki ilm-fan, madaniyat, san’at ahliga e’tibor ko‘rsatdi, o‘sha yerli xalqlar ma’naviyati, o‘lkalar rivojiga hissa qo‘shdi. Ilmiy-madaniy Renessansga asos soldi. Uning ezgu ishlarini Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur singari temuriyzoda avlodlari davom ettirdi.

Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan «Temurbeklar maktabi»da Sohibqiron bobomizga munosib avlodni voyaga yetkazishga katta e’tibor qaratilmoqda. Tadbirda «Темuрбеклар maktabi» o‘quvchilari «Temur tuzuklari» asaridan lavhalar o‘qib berdi.

[gallery-11349]

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining tarixiy hujjatlar tadqiqoti va nashr qilish bo‘limi boshlig‘i, temurshunos olim Sanjar G‘ulomov Temuriylar davri buyuk tariximizning sermazmun sahifasi ekanini ta’kidladi.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda boy ma’naviy merosimizni chuqur tadqiq etish, asrab-avaylashga katta e’tibor qaratilayotir, – dedi Sanjar G‘ulomov. – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi tashkil etilgani bunga misoldir. Markaz izlanishlari natijasida yurtimiz bilan bog‘liq 8 mingdan ortiq artefaktlarning chet elda saqlanish joyi, ularga oid ma’lumotlar aniqlandi. E’tiborli tomoni, ularning 40 foizdan ko‘prog‘i noyob qo‘lyozmalardir. Tadqiqotlar davomi o‘laroq, 1001 ta qo‘lyozma haqidagi ma’lumotni o‘zida jamlagan «O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reyestri»ning birinchi jildi yaratildi. Ushbu reyestrning har biri yana mingdan ortiq asarlarni o‘zida jamlagan ikkinchi va uchinchi jildlari ham nashrga tayyorlandi. Shunisi ayon bo‘lmoqdaki, jahon qo‘lyozma xazinalaridagi manbalarning 30 foizdan ortig‘i temuriylar merosidir.

Tantanali tadbirda qayd etilganidek, Temur merosi ustida tadqiqot ishlari yurtimizda faol olib borilmoqda. Jumladan, Sohibqironning Yevropa hukmdorlari bilan yozishmalari insho va munshaot deb yuritiladigan to‘plamlar tarkibida uchraydigan maktublar hamon topilmoqda. Shu bilan birga Germaniyaning Berlin kutubxonasi, Niderlandiyaning Leyden universiteti, Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasidan topilgan manbalar Amir Temur haqidagi izlanishlar davom etayotganidan darak beradi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov atoqli ijodkor Muhammad Alining «Amir Temur monologi» she’ridan parchani ijro etdi. «Sharq yulduzi va «Zvezda Vostoka» jurnallari bosh muharriri, shoir va tarjimon Sirojiddin Rauf o‘zining Amir Temurga bag‘ishlangan «Xaloskor» she’rini o‘qib berdi.

Tadbirda Xalqaro harbiy musobaqalarda g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik askar va zobitlar, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Ishtirokchilar Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘ydilar.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari Xayriddin Sultonov, Odil Abdurahmonov ishtirok etdi.

Jahongir bobomiz tavalludiga bag‘ishlangan anjumanlar, ma’rifiy tadbirlar yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA