Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish – bugungi kunning muhim maqsadiga aylandi.
Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yiliga oid davlat dasturi va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi loyihalarida bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazida shu mavzuda davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda mahallada sanoat va xizmatga oid loyiha amalga oshirilishi, bunda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari ishga tushirilishi qayd etildi. Mahallalarda qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingga yetkazish, aholi tomonidan soddalashtirilgan tartibda murojaat qilish imkonini beruvchi “OASIS” platformasini ishga tushirish, “Jamiyatdagi faollikni rag‘batlantirish” loyihasini amalga oshirish ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.
Davlat xizmatlari avtomatlashtirilib, yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmatlar va servislar soni qariyb 900 taga yetkaziladi. Davlat xizmatining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni maqsadli tayyorlash tizimi yaratiladi.

“Raqamli mahalla” elektron platformasida “Mahalla yettiligi” orqali mahallalarda aholini qiynab kelayotgan eng dolzarb tizimli muammolarning yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi.
Deputatlar, Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mahallalar uyushmasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi mas’ullari, siyosiy partiyalar faollari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbir yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
N.Abduraimova, O‘zA