Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu yo‘nalish nafaqat qonun ustuvorligini ta’minlash, balki jamiyatda adolat, shaffoflik va ishonch muhitini yaratadi.
Davlat organlari va tashkilotlari bu borada tizimli chora-tadbirlarni qo‘llab, xodimlarni huquqiy va ma’naviy jihatdan tarbiyalashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Geologiya fanlari universiteti huzuridagi “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” DMda tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish choralariga bag‘ishlangan tadbir ham ushbu ustuvor vazifalar ijrosiga qaratildi

Tadbirda so‘z olganlar qayd etganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish barcha sohalar rivojida muhim hisoblanadi. Mamlakatimizda bu jarayon qonunlar va davlat dasturlari asosida yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun va Prezident farmonlari asosida maxsus tizim ishlamoqda
Institutning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi yetakchi mutaxassisi Uyg‘unbek Bobonazarovning aytishicha, tashkilotlarda davlat xaridlari jarayonidagi shaffoflik talablari muhim omil hisoblanadi.
–Korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat huquqiy majburiyat, balki ma’naviy burchdir. Davlat xizmatchilari shaffoflikka amal qilishi, o‘z vazifalarini halollik va mas’uliyat bilan bajarishi zarur. Shu orqali jamiyatda adolat va ishonch muhitini qaror toptirish mumkin. Tadbirda ishtirokchilarga davlat xaridlari, tenderlar va litsenziya berish jarayonlari ochiq o‘tkazilishi, tashkilotlarda ichki nazorat bo‘limlari faoliyat yuritishi va xodimlar uchun muntazam o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilinishi aytib o‘tildi. Bu esa har bir xodim uchun o‘z mansabidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishiga yo‘l qo‘yilmasligida muhim ko‘nikma bo‘ladi, – dedi U.Bobonazarov.
Shuningdek, tadbirda mazkur institutning matbuot kotibi Bobur Mamadaliyev so‘zga chiqib, bunday tadbirlar korrupsiyaning oldini olishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmatchilarda huquqiy madaniyatni oshirish, qonunlarga rioya qilishga o‘rgatish orqali samarali tizim yaratiladi. Shu bilan birga, jamoatchilik orasida ham shaffoflik va halollik qadriyatlarini keng targ‘ib etish muhim vazifalardan sanaladi.
Tadbir yakunida mavzu yuzasidan kelgusi ishlar belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA