Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun ustuvorligi jinoiy bosimni zaiflashtirishga xizmat qiladi
16:22 / 2026-01-23

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarning xavfsizligini kafolatlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berildi.

Ushbu nutqda ilgari surilgan g‘oyalar investitsiya muhitini mustahkamlash bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ayniqsa, iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazayotgan jinoiy bosim va reket holatlariga nisbatan murosasiz pozitsiya bilan ajralib turadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti Tadbirkorlik va korporativ huquq sho‘’basi katta o‘qituvchisi Nurbek Toshkanov bu borada batafsil tushuntirish berdi:

– Prezidentimiz Murojaatnomasida tinchlik hukm surgan, qonun ustuvor bo‘lgan va fuqarolarning xavfsizligi ishonchli ta’minlangan joyga investitsiya kelishi, turizm va tadbirkorlik rivojlanishi aniq ta’kidlandi.  

Bu fikr investitsiya huquqi va iqtisodiy nazariyada tan olingan fundamental qoidani – kapital huquqiy ishonchni izlaydi, degan tamoyilni tasdiqlaydi. Investor uchun asosiy mezon yuqori daromad emas, balki sarmoyaning huquqiy jihatdan himoyalanganligi va davlat tomonidan kafolatlangan barqaror muhit hisoblanadi.

Shu bilan birga, Murojaatnomada iqtisodiyot va investitsiya muhitiga tahdid solayotgan salbiy holatlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, o‘zini qonundan ustun qo‘yib, tadbirkorlarga bosim o‘tkazayotgan, ularning biznesini egallab olishga urinayotgan, murakkab moliyaviy jinoyatlar sodir etayotgan va noqonuniy tarzda “qozi”lik qilayotgan jinoiy to‘dalar mavjudligi ochiq tanqid qilindi. Mazkur holatlar huquqiy adabiyotlarda “reket” (tovlamachilik va zo‘ravonlikka asoslangan iqtisodiy bosim) tushunchasi bilan izohlanadi.

Reket investitsiya muhitining eng xavfli dushmanlaridan biri bo‘lib, u erkin bozor mexanizmlarini izdan chiqaradi, tadbirkorlik tashabbusini bo‘g‘adi va kapital oqimini to‘xtatadi. Reket mavjud bo‘lgan muhitda investor nafaqat moliyaviy, balki jismoniy va reputatsion xavflarni ham hisobga olishga majbur bo‘ladi. Shu bois, xalqaro investitsiya amaliyotida reket va jinoiy bosim mavjud davlatlar yuqori riskli yurisdiksiya sifatida baholanadi.

Prezidentimizning Murojaatnomasida ayrim “bilagida kuchi bor” shaxslarning “oson pul topish” ilinjida jinoiy guruhlarga qo‘shilib qolayotgani alohida achinish bilan tilga olindi. Bu holat reketning ijtimoiy ildizlariga ham ishora qiladi. Ya’ni, reket faqat jinoyat-huquqiy muammo emas, balki yoshlar ongida kuch va zo‘ravonlik orqali manfaatga erishish mumkin, degan xavfli stereotipning shakllanishi bilan bog‘liq ijtimoiy xatardir.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolaridan iborat ayrim jinoiy guruhlarning xorijiy davlatlarda ham faoliyat yuritayotgani mamlakatning xalqaro obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Bu esa investitsiya oqimlariga bevosita ta’sir qiluvchi reputatsion omil sifatida muhim ahamiyatga ega. Chunki, zamonaviy investitsiya qarorlarida davlatning ichki huquqiy muhiti bilan bir qatorda uning xalqaro imiji ham muhim rol o‘ynaydi.

Davlatimiz rahbari tomonidan “bunday jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz”, degan qat’iy pozitsiyaning bildirilishi investorlarga aniq siyosiy-huquqiy signal bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu bayonot davlatning qonun ustuvorligini ta’minlash va huquqni muhofaza qilish yo‘nalishida aniq pozitsiyaga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Murojaatnomada O‘zbekistonda fuqarolar, tadbirkorlar va investorlarni har qanday vaziyatda himoya qiladigan Konstitutsiya va qonunlar mavjudligi alohida urg‘u bilan ta’kidlandi. Bu jihat investitsiya huquqining asosiy prinsiplaridan biri bo‘lgan qonuniylikka amal qilinishi qat’iy ta’minlab borilishini anglatadi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning Murojaatnomasi qonun ustuvorligini mustahkamlash orqali investitsiya oqimlarini barqaror ta’minlash g‘oyasini markaziy davlat vazifasi sifatida belgiladi. Investitsiya muhiti barqarorligi ko‘p jihatdan mazkur sohada qonuniylik prinsipining qay darajada ishlashiga bog‘liqdir. Albatta, bunda reket va jinoiy bosimga qarshi murosasiz kurashsiz investitsiya muhiti barqaror bo‘la olmaydi. Shu bois, qonun ustuvorligi – nafaqat huquqiy tartib, balki investitsiya oqimlarining eng mustahkam va ishonchli kafolati hisoblanishi, shubhasiz.  

Gulnoza Boboyeva, O‘zA