French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun ustuvorligi – huquqiy davlat qurishning ajralmas belgisi
17:00 / 2025-10-27

Yangi O‘zbekistonni qurishda eng muhim omillardan biri, bu shubhasiz, mamlakatimizda qonun ustuvorligi prinsipini hayotimizning barcha jabhalarida ta’minlashga erishishdir. Ma’lumki, qonun ustuvor joyda adolat qaror topadi, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoya qilinadi, davlat organlari faoliyati ochiq va shaffof bo‘ladi.

Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilish”, “Adolat davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallaydi”, “Qonun ustuvor, adolat barqaror bo‘lsa, jinoyatchilikka o‘rin qolmaydi”, shuningdek, “Qonun ustuvor bo‘lmagan joyda taraqqiyot ham, adolat ham bo‘lmaydi” kabi odil fikrlarida yaqqol ifodalangani, ayniqsa, ahamiyatlidir. 

Yangi O‘zbekistonni qurish va mustahkamlash jarayonida amalga oshirilayotgan har bir islohotning maqsadi,  negizi markazida inson, uning huquq va manfaatlarini samarali ta’minlash masalasi turibdi. Konstitutsiyaviy islohotlar, sud-huquq tizimini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish – bularning barchasi qonun ustuvorligini hayot mezoniga aylantirishga xizmat qilmoqda. Bu o‘zgarshilar davlatimiz rahbarining “Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulug‘lashni eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etdik. Yangilangan Konstitutsiyamizda ham O‘zbekiston huquqiy davlat ekanligini muhrlab qo‘ydik. Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilish”dir degan so‘zlariga qanchalar uyg‘un, hamohangligini ko‘ramiz. 

Qonun ustuvorligi aslida faqat huquqiy tushuncha emas, balki davlat va jamiyat ongini, boshqaruv madaniyatini ifodalovchi qadriyatdir. U adolat, javobgarlik va fuqarolarning tengligi tamoyillariga asoslanib, mamlakatda barqarorlik va ishonch muhitini shakllantiradi.

Huquqiy mezonlarga amal qilib yashash bugungi kunda jamiyat oldida turgan eng ustuvor vazifalardan biridir. Bu vazifa qonunlarni mukammal ishlab chiqish yoki huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatini kuchaytirish bilan cheklanib qolmaydi. U, eng avvalo, har bir fuqaroning huquqiy ongi, mas’uliyati va faol fuqarolik pozitsiyasini tarbiyalashni talab etadi.

Soddaroq qilib aytganda qonun ustuvorligi faqat sud binolarida emas, balki oilada, ta’lim muassasalarida, jamoat joylarida ham amal qilishi lozim. Ya’ni, har bir inson qonunni anglab, uni hayot qoidasi sifatida qabul qilmasa, har qanday islohotqog‘ozda qoladi, samara bermaydi. Shuning uchun ham jamiyatda “Huquqiy madaniyat – huquqiy davlat poydevori” degan qarash qat’iy mustahkamlanishi zarur.

Ushbu vazifani hal etishning asosiy yechimlaridan biri, bu  davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining yaqin hamkorligida, bolalar bog‘chasidan, maktablar, oliygoh, shuningdek barcha mahalla va mehnat jamoalarida muntazam huquqiy ta’lim va targ‘ibotning tizimli yo‘lga qo‘yilishidadir. Ta’lim muassasalarida huquqiy bilimlarni chuqur o‘rgatish, OAV orqali huquqiy savodxonlikni oshirish, aholini qonunchilikdagi yangiliklar bilan xabardor qilish ishlarining barchasi qonun ustuvorligini hayot me’yoriga aylantirishga xizmat qiladi.

Internet, ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan bir sharoitda ommaga uzatilayotgan har qanday xabar yoki uzatmalar, yengil-yelpi klip yoki filmlar tomoshabin ortidan quvish emas, balki muallifning ichki nazorati, fuqarolik pozitsiyasidan o‘tgani ma’qul.

Ana shunda qonun ustuvorligi jamiyatning ma’naviy kamolot darajasini, davlatning barqaror rivojlanish salohiyatini belgilaydigan bosh qadriyatga aylanadi. Bu yurt – bizniki. Uni tashqaridan birov kelib qurib bermaydi. Yangi O‘zbekistonni ham, uning huquqiy davlat va adolatli jamiyat poydevorini ham faqat o‘zimiz, o‘z qonunlarimizga hurmat bilan, mas’uliyat va mehnat bilan barpo etamiz.

Shuning uchun qonun ustuvorligini ta’minlash vazifasi bu faqat davlatning emas, balki har bir fuqaroning burchi va mas’uliyatidir. Odamlar o‘zlari yashayotgan jamiyat qonunlariga itoat etsa, o‘z huquq va majburiyatlarini to‘liq anglab yashasa, mamlakatda haqiqiy adolat va barqarorlik qaror topadi.

“Huquqiy davlat” degani, bu qonunlar faqat qog‘ozda emas, balki hayotda ustuvor bo‘lgan, har bir fuqaro va mansabdor shaxs uni qat’iy amalga oshiradigan davlatdir. Bunday davlatda hokimiyat yoki mansabdor shaxs yoxud oddiy fuqaro ham qonun bilan belgilangan doirada faoliyat yuritadi. Bu davlatning o‘z fuqarolari oldidagi javobgarligini ta’minlaydigan eng muhim kafolatdir.

Mana Konstitutsiyamizning 20-moddasida bu haqda quyidagi muhim norma belgilangan: “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqdir”.

Shu bilan birga, har bir davlat idorasi va mansabdor shaxsning javobgarligi kuchayib, “odamlar davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil amaliyotda o‘z ifodasini topmoqda. Huquqiy davlatning amaliy ifodasi, avvalo, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatida namoyon bo‘ladi. Qonunga itoat madaniyati jamiyat ongida qanchalik mustahkam bo‘lsa, adolat va barqarorlik ham shunchalik chuqur ildiz otadi. Ushbu yo‘nalishdagi jarayonlarda fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash, davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq muloqot muhitini yaratish huquqiy davlatning yangi, milliy modeli sifatida shakllanmoqda.

Yana bir muhim jihat. Har qanday huquqiy davlatning tayanchi  bu uning Konstitutsiyasidir. U davlatning siyosiy va huquqiy tizimini belgilaydi, inson huquq va erkinliklarini kafolatlaydi, davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari faoliyati uchun aniq normativ chegara o‘rnatadi.

Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasida “Inson, uning huquq va erkinliklari – oliy qadriyat” degan prinsip ustuvor o‘rinni egallagan. Bu norma nafaqat deklarativ, balki barcha qonunlar va davlat qarorlarining ma’naviy-huquqiy mezoniga aylangan. Konstitutsiyaning yangilangan tahririda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, sud hokimiyatining mustaqilligini kafolatlash va davlat organlari javobgarligini kuchaytirishga oid aniq huquqiy mexanizmlar belgilandi.

Bugungi kunda yangilangan Konstitutsiya asosida sud tizimi nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi mexanizm, balki jamiyatda adolat va ishonch muhitini shakllantiradigan muhim institutga aylanmoqda. Bu Yangi O‘zbekistonning huquqiy-demokratik davlat sifatidagi barqaror taraqqiyotining asosiy kafolatidir.

Qonun ustuvorligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Chunki huquqiy davlat faqat qonunlar bilan emas, balki fuqarolarning ongli faolligi, jamiyatning davlat ustidan nazorati bilan barpo etiladi.

Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik kengashlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari respublika va mahalliy darajalarda davlat qarorlari qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib kelmoqda. Bu jarayonlar orqali jamoatchilik nazorati mexanizmi kuchayib, qonun ustuvorligini ta’minlashning ijtimoiy poydevori yaratilmoqda.

Bugun fuqarolik jamiyati institutlari nafaqat davlat qarorlarini muhokama qilmoqda, balki huquqbuzarlik holatlarini ochiqlash, inson huquqlarini himoya qilish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar bermoqda. Bu kabi modellar davlat va jamiyat o‘rtasidagi sheriklik madaniyatining rivojlanayotganidan dalolatdir. Shu ma’noda, fuqarolik jamiyatining faolligi qanchalik yuqori bo‘lsa, huquqiy davlat va adolatli jamiyat poydevori ham shunchalik mustahkam bo‘ladi.

Xulosa qilib aytgandla, qonun ustuvorligi bu shunchaki huquqiy tamoyil emas, balki Yangi O‘zbekistonning istiqbolini belgilaydigan strategik qadriyatdir. U jamiyatda adolat, ishonch va barqarorlik muhitini yaratadi, inson huquqlari va davlat manfaatlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlaydi.

Shubhasiz, bugunga qadar erishilgan barcha yutuqlarimizning zamirida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligidagi oqilona va xalqchil davlat siyosati, xalqimizning ezgu intilishi hamda Konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklar ifodasini topgani muhim ahamiyatga ega. 

Qonun ustuvor bo‘lgan joyda adolat qaror topadi, adolat bo‘lgan joyda esa taraqqiyot va farovonlik bo‘ladi. Shu ma’noda, qonun ustuvorligi biz birgalikda barpo qilayotgan Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan, xalqimizning ishonchi va davlatimizning nufuzini mustahkamlaydigan eng asosiy omildir.

Umidjon G‘iyosov, 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining katta eksperti.

O‘zA