English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun ustuvorligi, davlat boshqaruvi bilan bog‘liq qanday yangiliklar amalga oshiriladi?
10:56 / 2026-01-15

Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi takomillashtirilmoqda.

Strategiya loyihasining “Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” yo‘nalishi bo‘yicha qanday yangiliklar joriy etiladi?  

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida ana shu savolga javob berildi.  

Adliya, Raqamli texnologiyalar vazirliklari, Boshqaruv samaradorligi agentligi mas’ullari jurnalistlarga o‘z yo‘nalishlari doirasida qilingan va amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan masalalar haqida ma’lumot berdi.  

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov strategiya loyihasining muhokamasida keng jamoatchilikning faol ishtirok etayotgani hujjatning yanada mukammal va xalqchil bo‘lishini ta’minlashini ta’kidladi.    

Adliya vazirligi departamenti boshlig‘i Eldor Mahkamov davlat boshqaruvi va davlat xizmatlari sohasida samaradorlikni oshirish orqali aholiga qulaylik yaratilayotganini qayd etdi. Davlat boshqaruvi va davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini to‘liq raqamlashtirish doirasida arxiv materiallarining raqamlashtirilgan ulushi 80 foizga yetkaziladi. 40 million hujjatdan 25 millionini raqamlashtirish rejalashtirilmoqda.

Mahalliy davlat hokimiyati ijro organlarining aholi manfaatlariga daxldor bo‘lgan vakolatlarini amalga oshirishda “byurokratiyani nolga tushirish” tamoyili 100 foizga yetkaziladi.  

Ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish va energetika, inson resurslari, soliq, bojxona va aholini ish bilan ta’minlash kabi sohalarga oid 20 dan ortiq elektron tizimlar hokimliklar faoliyatiga tatbiq etiladi.  

Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari raqamli davlat boshqaruvini kompleks rivojlantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va davlat xizmatlarini yagona raqamli muhit asosida tashkil etish – asosiy maqsad ekaniga urg‘u berdi. Bu shaffoflik, samaradorlikning asosiy omili bo‘lib, aholi va tadbirkorlar uchun keng qulaylik yaratadi.  

Fuqarolarning murojaat va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida “Xalq nazorati” portali har bir hududda 100 foiz joriy etiladi. Davlat xizmatlarini yagona ekotizim asosida tashkil etish uchun “Raqamli hukumat” tizimining yagona platformasiga ulangan servislar soni 700 taga yetkaziladi.  

Boshqaruv samaradorligi agentligi departament mudiri G‘olibjon Abduazizov davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish – uni zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga qaratilganini ta’kidladi.  

Har yili o‘nta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki ish yurituvi jarayonlari bosqichlarini (hujjatlarni kelishish, imzolash, ma’lumot almashish va boshqa jarayonlar) 5 foizga maqbullashtiriladi. An’anaviy shaklda amalga oshirilayotgan tartib-taomillarning kamida 10 foizi raqamlashtiriladi. Shu orqali ushbu jarayonlarda qog‘oz sarfini qisqartirish, davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va mutaxassis kadrlar toifasidagi lavozimlarni egallashni 100 foiz malaka darajasiga asoslangan karera modeli bo‘yicha tanlovlar orqali amalga oshiriladi.  

“Edu.argos.uz” masofaviy ta’lim platformasi orqali davlat fuqarolik xizmatchilarining onlayn malaka oshirish qamrovi 100 foizga yetkaziladi. “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasidan foydalanayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari ulushi 100 foizga yetkaziladi.  

Matbuot anjumani yakunida mas’ullar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.  

Norgul Abduraimova,

Asliddin Alijonov (surat),  

O‘zA