Buxoro davlat pedagogika institutining majlislar zalida yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tushunchalarni shakllantirish maqsadida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Buxoro viloyat Kengashi raisi Maqsud Hamidov, rais o‘rinbosari Sanjar Maydonov hamda O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tizimidagi “ Raxmatov and Law” advokatlik byurosi rahbari, advokat Anvar Rahmatov ishtirok etdi.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka tahdidi hamda bunday illatlarga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yuzasidan keng qamrovli ma’lumotlar berildi. Advokat Anvar Rahmatov amaliy misollar orqali korrupsiya holatlarini aniqlash, ularning oldini olishda fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning faolligi qanday ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Tadbirda oliygoh talabalari faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbirda yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish, huquqiy madaniyatni oshirish va adolatparvarlik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim fikr va tavsiyalar ilgari surildi.
Shu kabi tadbirlarning muntazam tashkil etilishi nafaqat yosh avlodda huquqiy bilimlarni mustahkamlash, balki jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.