Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun ustuvor jamiyatda adolat bo‘ladi
15:18 / 2022-02-04

Mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlardagi huquq va manfaatlarini sudlarda samarali himoya etish tartibi yaratilmoqda.

Sud-huquq islohotlarining asosiga qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi prinsiplar poydevor qilib qo‘yilgan.

Mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida sud-huquq sohasini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi roli va ahamiyatini oshirish borasida muhim islohotlar amalga oshirildi. Mazkur islohatlar mamlakatdagi bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan hamnafas davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 yanvardagi Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash, aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan sud tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kelgusidagi rejalar belgilanib, unda davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoya etilishini ta’minlash, ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish tartibi belgilandi.

Mazkur qaror talabiga ko‘ra, kelgusida ma’muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlash va ular huquqlari, qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hisoblanishi belgilandi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, davlatimiz tomonidan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlarining ishonchli himoyasini ta’minlashga, davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining haqiqiy himoyachisiga aylantirishga qaratilgandir.

Buni ta’minlashda esa ma’muriy sudlarga ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish belgilanmoqda.

Belgilanayotgan tartib tamoyilga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining ishonchli himoyasini ta’minlash uchun ular davlat organlaridan tegishli hujjatlarni olish imkoniga ega bo‘lmagan taqdirda mazkur harakatlarni sudning o‘zi tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birgalikda, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararni undirish talabini ham ma’muriy sudga bildirish huquqini taqdim etilishi hamda bunday talablarni ko‘rib chiqishni ma’muriy sudlar vakolatiga o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Kelgusida fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektlariga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararni undirish talabini ma’muriy sudlarga berish huquqining yuzaga kelishi, nizoni hal etishda, huquq va manfaatlarini tiklash, zararni undirish masalasini bir sudning o‘zida hal etish imkonini beradi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan ma’muriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash tartibini joriy etish ko‘rsatilmoqda.

Bu tartibning joriy etilishi ma’muriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha qabul qilgan hal qiluv qarorlarni davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilish muddatlari kechikib ketishining oldi olinadi.

Ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida sudlarga topshirilgan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyat mazkur sudga taalluqli bo‘lmagan taqdirda, sudlar tomonidan amalga oshirish kerak bo‘lgan mexanizmni joriy etish tartibi belgilanmoqda. Unga ko‘ra, sudlar topshirilgan da’vo arizasi va yoki shikoyatni qabul qilishni rad etish yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatish yuzasidan hujjat qabul qilmay balki, da’vo arizasi, ariza, shikoyat yoki ishni ularni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan sudga o‘tkazish mexanizmini joriy etish belgilanmoqda.

Xulosa o‘rnida, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan barcha islohotlar mamlakatimizda qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga, ularning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.

 

S.Nabiyev,
Jizzax viloyat sudi sudyasi.

O‘zA