Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun oldida hamma birdek javobgar
13:57 / 2025-07-19

Tahlillarga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning 6 oyida jami 91 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular bo‘yicha yetkazilgan 669 million 356 ming so‘m zarar surishtiruv davomida undirilgan.

Shuningdek, shu davrda hudud bo‘yicha 4 ming 664 nafar fuqaro ijroga oid qonun hujjatlarini buzish holatlari bo‘yicha MJtKning tegishli moddalariga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Farzandiga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 751 nafar shaxsga qamoq, 30 nafar shaxsga qonuniy tartibda jarima jazolari qo‘llanilgan hamda 17 nafari ogohlantirilgan, 14 nafari majburiy mehnat hamda 587 nafariga nisbatan ma’muriy ishlar tugatilgan.

Xususan, Byuroning Toshkent viloyati boshqarmasining surishtiruv va qidiruv bo‘lim xodimlari tomonidan aliment pullarini qasddan to‘lamay qochib yurgan qarzdorlarni qidirib topish va ularga nisbatan qonuniy choralarni ko‘rish bo‘yicha doimiy ravishda tadbirlar olib borilmoqda.

Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2011 yildagi sud buyrug‘iga asosan, qarzdor D.Xasanovdan, undiruvchi M.Xasanova foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun voyaga yetgunga qadar har oy jami daromadining 1/3 qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan.

 – Qarzdor D.Xasanov oxirgi 13 yilda jami 230 million 303 ming 455 so‘m miqdordagi aliment mablag‘ini undiruvchi M.Xasanovaning foydasiga to‘lab berishdan bo‘yin tovlagan, – deydi MIBning Toshkent viloyati boshqarmasi katta inspektori Nozim Idrisov. – Shu sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan bo‘lsa-da, u bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan. 

Qonunbuzar yana 17 oy davomida 17 million 959 ming 398,4 so‘m, jami 240 million 543 ming 493,4 so‘m miqdoridagi aliment mablag‘ini to‘lab bermagan. Natijada qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, Yuqori Chirchiq tumani hududidan tutib kelingan va jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Afsuski, bu kabi holatlar ko‘plab uchramoqda. 

A.Musayev, O‘zA.