Yurtimizda ekologik toza hududlarni barpo etish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ekologik toza hududlarning huquqiy maqomini belgilash, plastik mahsulotlarni olib kirish va sotishni tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi ekologik tizimlar, tabiat ob’ektlarini asrash, saqlab qolish va himoyasini kuchaytirish, tabiiy ob’ekt va majmualar degradatsiyasining oldini olishga qaratilgan.
Qizg‘in muhokamalarda fraksiya a’zosi Sharofiddin Nazarov qonun loyihasining texnik jihatlariga to‘xtalib, asosiy tushunchalar to‘liq ochib berilmagani yuzasidan e’tirozlarini aytib o‘tdi. Deputatning fikricha, loyiha, avvalo, uning ijrochilari uchun tushunarli bo‘lishi lozim. Agar loyiha kiritilgan tartibda qabul qilinsa, ertaga amaliyotda katta bo‘shliqlar, muhokamali masalalar yuzaga keladi.
Qonun loyihasida ekologik toza hududlarning rejimini buzganlik uchun ma’muriy jazo choralari belgilanmoqda.

Deputatlar jarimalarni qo‘llashda aniq mexanizm ishlab chiqilishi kerakligini qayd etdilar. Belgilanmagan joyga bitta plastik buyum tashlagan odam o‘rmonga o‘t qo‘ygan bilan bir xil jarimaga tortilmasligi, har bir harakat ijtimoiy darajasidan kelib chiqib baholanishi lozimligini qayd etishdi.
Fraksiya a’zolari tabiatni muhofaza qilish, moddiy madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash muhimligini hisobga olib, ko‘rsatilgan kamchiliklarni ikkinchi o‘qishga qadar to‘g‘rilash sharti bilan qonun loyihasini konseptual jihatdan ma’qulladilar.
Muhtarama Komilova,
O‘zA