French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun loyihasi muhokamalari davom etmoqda
07:24 / 2021-09-20

Organlar transplantatsiyasiga keyingi yillarda alohida e’tibor qaratilib, huquqiy-tashkiliy asoslar yaratilmoqda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida kardiojarrohlik, transplantologiya va neyro-qon-tomir jarrohligi bo‘limlari uchun yangi binolar qurilmoqda. Chunki hozir mamlakatimizda ko‘plab bemorlar organlar va to‘qimalar transplantatsiyasiga muhtoj. U buyrakni ko‘chirib o‘tkazish bo‘ladimi, jigar yoki yurak va o‘pka transplantatsiyasi bo‘ladimi, muhimi, faqatgina shu organlar transplantatsiyasi bemorlar hayotini saqlab qolishi mumkin.

Samarqand shahar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida “Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatida shu haqda so‘z bordi. Mazkur qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhi a’zolari tibbiyot markazidagi gemodializga mo‘ljallangan bo‘limda bo‘lib, bemorlar bilan suhbatlashdi, ularga qonun loyihasi haqida kengroq tushunchalar berdi.

Qayd etilganidek, transplantatsiya amaliyoti dunyoning ko‘plab davlatlarida amalga oshiriladi. Yurtimizda 500 nafar bemor jigar, 1 ming 500 nafar kishi buyrak transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligini bildirgan. Mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda transplantatsiya amaliyotini o‘tkazishni huquqiy tartibga solish maqsadida ushbu qonun loyihasi ishlab chiqildi.

– Bundan 3-4 yil avval zarurat tufayli ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, katta mablag‘ evaziga ana shu jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur edi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muqaddas O‘razaliyeva. – Lekin shunga ehtiyoji bor bemorlarning barchasi ham bunday katta mablag‘ va imkoniyatga ega emasdi. Qisqa vaqt ichida yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida transplantatsiya amaliyoti o‘zimizda ham o‘tkazilyapti.

Tadbirda soha vakillari, mutaxassislar va ekspertlar ushbu qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tavsiyalarini bildirib, mazkur hujjat mamlakatimizda transplantatsiya sohasida mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.  

Hududlarda ishchi guruhi a’zolari ishtirokida “Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasi qizg‘in davom etmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA