Andijonda «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Andijon viloyat kengashi tashabbusi bilan Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida tashkil etilgan tadbirda partiya tuman, shahar kengashlari raislari, faollari, deputatlar, institut professor-o‘qituvchilari, talaba - yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimiz qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga “Adolat” SDP a’zolari befarq emasligi, qonun loyihalari muhokamalarida faol qatnashayotganligi, xususan, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham o‘rganilib, atroflicha muhokama etilayotganligi ta’kidlandi.
Dastlab ishtirokchilar qonun loyihasi bilan batafsil tanishtirildi. Shundan so‘ng mutaxassislar, partiya faollarining qonun loyihasiga doir fikr va mulohazalari tinglandi.

– Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilgani, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor bo‘lgan shaxslar bolalarni birinchi navbatda zo‘ravonlikdan himoya qilishi, agar buning imkoni bo‘lmasa, zudlik bilan vakolatli organlarga murojaat qilishi lozim, – deydi “Adolat” SDP Andijon viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Malohat Musayeva. – Aslida bolalarga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonlikka beparvolik yoki befarqlik ham bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hisoblanadi. Muhokama qo‘yilgan qonun loyihasida bu boradagi harakatlar tartibga solinmoqda, qonuniy jihatdan baholanishi ko‘zda tutilmoqda. Bu eng avvalo, jamoatchilik e’tiborini, mas’uliyatni yanada oshirishga, bolalarning qonuniy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Savol-javoblar asosida o‘tgan tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritildi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari