English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun loyihalari deputatlar muhokamasida
19:56 / 2020-12-01

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar jamiyat hayotidagi bir qator muhim qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi.

Xususan, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda atroflicha muxokama qildi.

Rivojlangan demokratik jamiyatlarda bo‘lgani kabi yurtimizda ham so‘nggi yillarda davlat mablag‘lari sarflanishiga nisbatan fuqarolarda befarqlik hissi yo‘qolib, davlat xaridlari ustidan jamoatchilik nazorati kuchayib bormoqda.

Keyingi paytlarda davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar yoki davlat ulushiga ega korxonalar tomonidan asossiz, qimmat yoki korrupsiya ehtimoli yuqori bo‘lgan xaridlar amalga oshirilish ehtimoli mavjudligiga oid xabarlarning ijtimoiy tarmoqlarda ko‘paygani va muhokamalarga sabab bo‘layotgani jamoat nazoratining kuchaytirilishini taqozo etmoqda.

Qonun loyihasida davlat xaridlari sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, har tomonlama nazoratni samarali yo‘lga qo‘yilishi barobarida davlat xaridlari ishtirokchilariga qulaylik va keng imkoniyatlar yaratish orqali xarid qilish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topgan.

Loyiha mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash, yurtimizning jahon miqiyosidagi obro‘sini yanada oshirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda muhim huquqiy asos bo‘ladi.

Qonun loyihasi bilan davlat xaridlarini qisqa muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida ularni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni o‘tkazish muddatlari qicqartirilmoqda. Xususan, elektron bozor bir ish kuni, (amaldagi tahrirda qirq sakkiz soat), auksion kamida besh kun (amaldagi tahrirda kamida o‘n kun), tanlash kamida besh kun (amaldagi tahrirda tanlov kamida o‘ttiz kun) va tender kamida o‘n besh kun (amaldagi tahrirda tender kamida o‘ttiz kun) o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, davlat buyurtmachilari tomonidan reja-jadvallarni maxsus axborot portalida joylashtirishning aniq muddatlari belgilanmoqda. Reja-jadvallarning o‘z vaqtida portalga kiritilishi buyurtmachilarning reja asosida faoliyat yuritishida, tadbirkorlik sub’ektlari uchun o‘z biznes rejalarini shakllantirishda muhim omil bo‘ladi.

Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Shundan so‘ng, “O‘zbekiston Respublikasining byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama markazida bo‘ldi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga byudjet jarayonining shaffofligini ta’minlash, ya’ni, vazirlik va idoralar tomonidan o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida davriy moliyaviy hisobotlarini, o‘z tasarrufidagi byudjet tashkilotlari kesimida mablag‘lar taqsimotini va kapital qo‘yilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda joylashtirib borish tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima qo‘llash nazarda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi byudjet jarayoni shaffofligi ta’minlanganligini nazorat qiluvchi organ etib belgilanmoqda.

Byudjet kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini tuzishda mablag‘ qamrovlarini oshirish hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari konsolidatsiyalashgan byudjeti tarkibiga kiritilmoqda.

Shuningdek, mahalliy byudjetlar tomonidan davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash xarajatlari belgilanmoqda.

Davlat byudjeti loyihasini ishlab chiqishda muhim bo‘lgan byudjet so‘rovi instituti takomillashtirilmoqda. Mahalliy byudjetlar hisobidan moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmasdan boshlangan tadbirlarni parallel loyihalashtirish, tender savdolarini o‘tkazmasdan amalga oshirilgan qurish va ta’mirlash ishlarini moliyalashtirishning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlar kiritilmoqda.

“2021 yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar hukmiga birinchi o‘qishda havola etildi.

Mazkur qonun loyihasi 2021 yilgi soliq siyosatini takomillashtirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, soliq ma’murchiligi samaradorligini yanada oshirish va byudjetga soliqlarning to‘liq tushishini ta’minlashga qaratilgandir.

Xususan, qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash maqsadida, qat’iy belgilangan miqdorda o‘rnatilgan aksiz solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, QQS (15 foiz), foyda solig‘i (15 foiz, ayrim toifalar uchun 20 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (12 foiz), yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i (2 foiz), qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i (0,95 foiz), ijtimoiy soliq (xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar – 12 foiz va byudjet tashkilotlari – 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliq (bazaviy stavka 4 foiz) stavkalarini saqlab qolish taklif etilmoqda.

Nurillo NASRIEV, O‘zA