Senat yalpi majlisida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) direktori M.Egamberdiyevga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Sud-huquq islohotlari doirasida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimi takomillashtirilib, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish hamda ijro ishi yurituvida sansalorlikka chek qo‘yishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Shu bilan birga, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ko‘plab e’tirozlar ham mavjud. Bu Senat a’zolarining joylarda o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlarida va sayyor qabullarida fuqarolar tomonidan bildirilmoqda.

Ushbu masala senatorlar tomonidan o‘rganilib, tahlil qilinganda, qator salbiy holatlar aniqlangan va MIB faoliyatida tizimli ayrim kamchiliklar hamda sohada ayrim o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, 2023-2024 yillarda MIB faoliyatiga oid Prezident virtual va xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar soni ortgan.

Murojaatlarning aksariyat qismi aliment undirish, byuro organlari xodimlari xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar bilan bog‘liq masalalarni tashkil qilgan.
Senatorlar aliment undirish, sud qarorlari ijrosi, zararni undirish, byuro organlari xodimlari xatti-harakatlari bilan bog‘liq takroriy murojaatlar soni ortganini tanqid qildi.
Bundan tashqari, 2025 yilning I choragida ishga tiklash bilan bog‘liq 255 ijro hujjati o‘z vaqtida bajarilmagan. Ushbu ijro hujjatlarining aksariyat qismi ichki ishlar (80), soliq organlari (18), ta’lim (16), hokimliklar (14), sog‘liqni saqlash tizimi (6) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Muhokama natijasida mazkur masala yuzasidan MIBga parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA