Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun ijodkorligi jarayonidagi hamkorlik, sifat va mukammallik (+video)
17:03 / 2025-04-11

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Qonun ijodkorligi jarayoni sifatini oshirishning dolzarb vazifalari” mavzusida seminar o‘tkazildi. Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi mutasaddilari hamda qonunlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadigan vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Seminarda qonun loyihalarini tayyorlash jarayonini takomillashtirish, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari va Qonunchilik palatasi qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Prezidentimiz 2024 yil 20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisidagi nutqida parlamentning qonun ijodkorligi, parlament nazorati yo‘nalishidagi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida vazirlik va idoralarda rahbar o‘rinbosarlarini quyi palata qo‘mitalari bilan doimiy hamkorlik uchun mas’ul etib biriktirish taklifini ilgari surgan edi.

O‘tgan davrda ushbu tizimning tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi. Xususan, Qonunchilik palatasining Harakat dasturi tasdiqlanib, unda ushbu masalalar alohida mustahkamlandi. Qonun ijodkorligi, parlament nazoratini amalga oshirish, aholini tashvishga solayotgan muammolarni o‘rganish, tahlil qilish va bartaraf etishda yuqoridagi hamkorlikka asoslanadigan mutlaqo yangi tizim amaliyotga joriy etildi. Qonunchilik palatasining qo‘mitalariga tegishli sohalar bo‘yicha vazir o‘rinbosarlari biriktirildi.

Seminarda Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi borasidagi faoliyati sifatini oshirish, bunda qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi mas’uliyatini kuchaytirish lozimligi qayd etildi. Xalqchil va hayotiy qonunlarni qabul qilishda quyi palata va qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlarining hamkorligini yanada jonlantirish zarurligi ta’kidlandi.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunda qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirishning aniq tartiblari belgilangan. Qonun loyihalarini quyi palataga kiritishda ushbu tartiblarga amal qilish, jumladan, qonun loyihalarining konsepsiyasida belgilangan maqsad-vazifalarga mos bo‘lishini ta’minlash, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdan ko‘zlangan natijaga erishish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilishning yangi, demokratik shakllarini joriy etish, loyihalarni keng jamoatchilik vakillari va ekspertlar doirasida muhokamalardan o‘tkazish, shuningdek, ularning xalqaro shartnoma va reytinglarga mosligini o‘rganishga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligi aytib o‘tildi.

Seminarda ta’kidlanganidek, ayrim hollarda Prezident qaror va farmonlarida nazarda tutilgan qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga kiritish muddatlari kechikib ketmoqda. Ba’zi qonun loyihalarini esa konseptual jihatdan jiddiy kamchiliklari tufayli butunlay qayta ishlab chiqishga yoxud tashabbuskor sub’ektga qaytarishga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, o‘tgan 2024 yilda 9 ta qonun loyihasi tashabbuskorlarga qaytarilgan.

Ayrim qonun loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmasdan yoki vazirlik va idoralarning xulosasini olmasdan Qonunchilik palatasiga kiritilmoqda. Loyihalardagi bu kabi kamchiliklar esa parlament vakillarining ko‘proq g‘oya bilan emas, balki yuridik-texnik rasmiylashtiruv ishlariga vaqt sarflashiga olib keladi.

Seminar davomida qonun loyihalarini tayyorlash va uni palataga kiritishda tizimli muammo va kamchiliklarning oldini olish, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlarining loyihalarni sifatli tayyorlash borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qonun ijodkorligi jarayonida Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, kun tartibidagi masala seksiyalarga bo‘lingan holda atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilarga qonun loyihalarini tayyorlashda amaliyotni, olim va ekspertlarning fikrlari hamda xalqaro tajribani o‘rganish borasida qator taklif-tavsiyalar berildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AwFLHOzrwh4" title="Qonun ijodkorligi jarayonidagi hamkorlik, sifat va mukammallik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhtarama Komilova, Anvar Ahmedov (videomontaj), O‘zA