Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun ijodkorligi jarayonida ilg‘or texnologiyalardan foydalanish omillari
17:58 / 2026-02-14

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida ommaviy axborot maydonida ma’lumotlarni tahlil qilishning zamonaviy usullari, qonun ijodkorligi jarayonida ilg‘or texnologiyalardan foydalanish, turli sohalarga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish hamda mazkur yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda deputatlar, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti talaba yoshlari ishtirok etdi.

Munozaralar davomida ijtimoiy tarmoqlar, bloglar, forumlar, messenjerlar, yangiliklar saytlari va boshqa ochiq internet manbalaridagi katta hajmdagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘ish va chuqur tahlil qilish imkonini beruvchi platforma xususiyatlari haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, qonun ijodkorligi jarayonida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, turli sohalarga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish hamda mazkur yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi. 

Xususan, universitet huzurida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan inkubatsion markaz negizida yoshlar uchun zamonaviy va sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Bu parlament faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni mustahkamlash, fuqarolar bilan samarali muloqotni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

M. Komilova, O‘zA