Davlatimiz rahbarining 2022 yil 8 noyabrdagi «Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan «Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur qonundan ko‘zlangan maqsad haqida Adliya vazirining o‘rinbosari Xudoyor Meliyev quyidagilarni so‘zlab berdi: – Mazkur qonun amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 44 moddadan iborat. Unga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarni tashkil etishda ayrim kam ahamiyatli talablarni qisqartirish maqsadida ta’sis shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish talabi bekor qilinmoqda.
Jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali)ga qo‘shiladigan, qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ming baravaridan ko‘p bo‘lgan pulsiz hissalar baholovchi tashkilot tomonidan baholanishi va baholangan qiymatdan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Korporativ munosabatlarda vujudga kelayotgan yangi institutsional o‘zgarishlarning huquqiy asoslari korporativ va konsorsium shartnomalarining qoidalari belgilanmoqda.
Aksariyat mamlakatlar AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Ukraina qonunchiligida korporativ shartnoma bilan bog‘liq qoidalar mavjud bo‘lib, amalda bunday shartnomadan keng qo‘llaniladi.
Qozog‘iston, Ukraina va boshqa qator mamlakatlar qonunchiligida konsorsium shartnomalari asosida aniq maqsadga erishish va ishtirokchilar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun birlashmalar tuziladi.
Davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida «davlat unitar korxonasi» tashkiliy-huquqiy shakli qonun hujjatlaridan chiqarib tashlanmoqda.
Qonun hujjatlaridan bugungi kunda o‘z jozibadorligini yo‘qotgan unitar korxona va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat kabi tashkiliy-huquqiy shakllar va ularga oid normalar chiqarib tashlanmoqda.
Gruziya, Ozarbayjon, Armanistonda unitar korxona tashkiliy-huquqiy shakllari mavjud emas. Unitar korxona ko‘rinishidagi tashkiliy-huquqiy shaklni bekor qilish talabi 2022 yilgi Davlat dasturida ham nazarda tutilgan.
Qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat tashkiliy-huquqiy shakli ilg‘or rivojlangan mamlakatlarda mavjud emas, faqatgina MDH mamlakatlarida mavjud bo‘lib, ularning aksariyati bugungi kunda ushbu shakldan voz kechmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 8 noyabrdagi 415-son qaroriga asosan 2023 yil 1 martdan boshlab davlat unitar korxonasi, unitar korxona va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat tashkiliy-huquqiy shaklda yuridik shaxslarni tashkil etish to‘xtatilgan.
Bugungi kunda respublikamizda 2 ming 978 qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat, 1 ming 645 unitar korxona va 402 davlat unitar korxonasi mavjud.
Yuqorida qayd etilgan Prezident qaroriga asosan mazkur yuridik shaxslar 2025 yil 1 yanvarga qadar boshqa tashkiliy huquqiy shakllarga o‘tishi lozimligi belgilangan.
Qonun loyihasida korporativ munosabatlar takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining 7 ta kodeksi va 33 ta qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA