Sifatli va muvozanatlashgan normativ-huquqiy bazani yaratish davlat rivojida muhim o‘rin tutadi. Ya’ni bu ortiqcha xarajat, qog‘ozbozlik, byurokratik to‘siqlardan xoli bo‘lgan qonun hujjatlari qabul qilish demakdir.
Buning uchun esa soha xodimlari tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha o‘ziga yarasha malakaga ega bo‘lishi zarur. Aynan shu yo‘nalishdagi bilim va tajribani oshirish maqsadida Toshkentda “Tartibga solish ta’sirini baholash tizimining mamlakat rivojidagi o‘rni va roli” mavzuida amaliy seminar tashkil etildi.
Adliya vazirligi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda uyushtirilgan tadbirda vazirlik va idoralar rahbarlari, norma ijodkorligi sub’ektlari ishtirok etdi.
Seminar davomida normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholashning samarali mexnanizmlari haqida saboq berildi. O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlar va ularning huquqiy asoslari, dastlabki natijalar haqida ham so‘z yuritildi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos, mazkur bank maslahatchisi, tartibga solish ta’sirini baholashga ixtisoslashgan “Jacobs, Cordova and Associates” xalqaro konsalting tashkiloti katta direktori Sezar Kordova ishtirokchilarga xalqaro amaliyotga oid ilg‘or tajribalar haqida so‘zlab berdi.
Ma’lumot uchun aytish joizki, bunday tartib-taomil xalqaro amaliyotda XX asrning 60 yillaridan qo‘llanila boshlangan. bugungi kunda Buyuk Britaniya, Daniya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Rossiya, Qozog‘iston kabi 60 dan ortiq davlatda samarali yo‘lga qo‘yilgan.
“Aqlli tartibga solish” usullarini qo‘llash hisobiga Germaniyada 2000-2005 yillarda 10,5 milliard yevro, Avstraliyada 2013-2015 yillarda 4,5 milliard Avstraliya dollari, Rossiyada 2020 yilda 2,5 trillion rubl miqdoridagi ortiqcha xarajatlarning oldi olingan.
Tadbirda Adliya vazirligi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan amalga oshirilayotgan “Gender jihatdan tartibga solish ta’sirini baholash” bo‘yicha loyiha ham taqdim etildi.
Joriy yilda Adliya vazirligiga ekspertizaga kelib tushgan qonunchilik loyihalarining 170 tasida (11 foizida) tadbirkorlarga ortiqcha va qo‘shimcha xarajatga olib kelishi mumkin bo‘lgan 220 dan ortiq huquqiy norma aniqlangan va ularning qabul qilinishining oldi olingan.
Umuman olganda, tartibga solish ta’sirini baholashda normativ-huquqiy hujjat loyihasi yoki qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning uchta muhim yo‘nalishga – iqtisodiyotga, ijtimoiy sohaga, ekologiya va atrof-muhitga ta’siri chuqur va kompleks aniqlanadi. Bu esa sifatli va samarali, ortiqcha xarajatsiz qonunchilik hujjatlarining ishlab chiqilishi va qabul qilinishini ta’minlaydi.
N.Abduraimova, O‘zA