Ba’zan balandparvoz bo‘lib tuyuladigan ushbu jumlalarning tag- zamirida nafaqat chuqur va yashirin falsafiy ma’no, balki, sinalgan, charxlangan, albatta to‘g‘ri ma’noda surilib-turtilib, ezilib, so‘ng rostlangan hayotiy tajriba – asosli ilm yotadi.
Zero, qadimgi hind mutafakkirlari bejizga “Ilm bu tajribadir”, degan fikrni yozib qoldirmagan.
Ana o‘sha tajriba – ilm esa, sudda odil sudlovni, aynan ushbu jarayonda adolat va(yoki) qonun ustuvorligini ta’minlash hamda pirovardida mazkur tushunchalarning sudya qabul qilayotgan qarorlaridagi o‘rni va aynan shu qarorlarga kelishga omil bo‘lgan xulosalarga ta’siri haqda bir oz mushohada yuritishga asos bo‘ladi.
Mushohadalar esa, “sud dalillarga ishning hamma holatlarini jamlab, ularni sud majlisida qonunga amal qilgan holda, har taraflama, to‘liq va xolis ko‘rib chiqishga asoslangan o‘z ichki ishonchi bo‘yicha baho beradi”, degan protsessual qonun normasining talqinidan boshlanadi.
Ya’ni, sudyaning ichki ishonchi tayaniladigan xulosa qilish jarayonida o‘z-o‘zidan “adolat” va “qonun” to‘qnashinuvi yuzaga keladi deyish mumkin.
Bir tasavvur qiling, masalan, qarzga oid nizolarda qarz bergan ham olgan ham sizga mo‘ltirab yuzlanib tursa, har ikkisi ham o‘zlarini haq deb bilib, biri “shuncha pul” qarz berganman, ikkinchisi “shuncha emas buncha qarz olganman”, deb tursa, “qonun” talabidan kelib chiqib, tilxat olinmaganligi, rasmiylashtirilmaganligi, guvohlarning mavjud emasligi, xullas dalillar, ishning hamma holatlari qarz oluvchiga yon bossa, “adolat” yon bosib turgan da’vogar – qarz beruvchi esa zorlanib, “to‘g‘ri, qarz berganda sendan tilxat talab qilmadim chunki, sen o‘sha qarzga juda muxtoj eding ahvoling tang edi, qolaversa 92 ta tomiring egilib qarz so‘rab kelganing uchun, lafzingga ishonganim uchun, qarzni vaqtida qaytib berarsan deb o‘ylaganim uchun... iltimos nomardlik qilma, Xudodan qo‘rq, “adolat” borku, Yaratgan borku, qo‘rqmaysanmi uning qaxridan”, deb tursa, javobgar –qarz oluvchi ham sekingina yutinib qo‘yib da’voni tan olmay nima bo‘lsa bo‘lar degan qiyofada tursa, ustiga ustak yana u-qarz oluvchi tomonidan “qonun” tilga kirib, “har bir taraf o‘zining talablari va e’tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlarni isbotlashi shart” chunki, bu menning –qonunning talabi shu deb yuborsa, ana undan keyin sudyaning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ravering.
Yoki yana bir misol – hammaga tanish “snos” masalasi deylik, kelingki, hokim yo bir mas’ul mansabdorning hujjatlarini albatta rasmiylashtirib beraman degan og‘zaki lafziga ishongan bir fuqaro-tadbirkor-ishbilarmon bir savdo majmuasi yoxud boshqa bir xizmat ko‘rsatish kompleksi uchun bino qurishni boshlab yubordi. Bu bino yana ham kattaroq hokim yo kattaroq bir mansabdorga ma’qul kelmay uni buzdirishga og‘zaki topshiriq berdi. Balkim shu hudud uchun vaziyat va rejalar o‘zgardi, nima bo‘lganda ham shu binoni olib tashlash kerak, bunday holatda sud, hujjatsiz (ruxsatsiz) binoni buzishga – “qonuniy” qaror beradimi? Yo bo‘lmasam o‘sha mansabdorning og‘zaki va’dasiga ishongan fuqaro-tadbirkor-ishbilarmonni himoya qilib, qonunga unchalik muvofiq kelmay turgan – “adolat”li qaror beradimi? Xulosa o‘zingizdan...
Yuqorida aytgan sudyaning “ichki ishonchi” nima bo‘ldi deysizmi? Yashang kulminatsion nuqtaga endi keldik. Ushbu misolardagi “adolat” va “qonun” to‘qnashinuvi hamda sudyaning ichki ishonchi asosida maslahatxonda qabul qilinadigan qaror... bu yukni bir o‘z vujudingizdan o‘tkazib ko‘ring!
Bunday holatda chiqadigan qaror adolatli bo‘lishi kerakmi yoki qonuniyimi?
Qaror qonuniy bo‘lmasa yomon, shikoyat qilinadi, qaror o‘zgaradi, bekor bo‘ladi.
Qaror qonuniy bo‘lib, adolatli bo‘lmasachi? Adolatni ta’minlashga mavjud qonunlar ojizlik qilsachi? Bunday qarordan shikoyat qilsa, qanoatlantiriladimi?
Xulosa shuki:
Avvalo, qonunlar insonparvarlik, haqgo‘ylik, xalqchillik, xayotiylik, reallik, tajriba - ilmga, zamonaviy, eng ilg‘or va sof-toza-shaffof fikr-g‘oyalar va albatta “adolat”ga muvofiq bo‘lishi shart.
Moddiy va ayniqsa protsessual huquq normalari bilibmi-bilmaymi adolatni, odil sudlovni ta’minlashda biror-bir chegara o‘rnatib qo‘ymasligi xayotiy zarurat.
Bu borada Anglo-sakson huquq oilasidagi sudlar faoliyati – “erkin sudya, odil sudlov, adolatli qaror, aziz inson” tamoyili biz uchun maqbuldir. Zero azal-azaldan donishmand, sodda-samimiy, o‘zi va ko‘zi to‘g‘ri xalqimiz, har qanday qarorni qabul qilishda maslahat va mushohadani birlamchi qo‘yishga, zarur hollarda qabul qilinajak qarorning oqibati, insonning azizligi va adolatning tantanasi uchun ayrim qolip shakldagi inson hamda taraqqiyot manfaatlariga juda ham mos bo‘lmagan qonun-qoidalarga ustunlik berishni nojoyiz deb bilgan.
Shunday ekan, hukm qiladigan sudyalarga qaraganda qaror qabul qiladigan sudyalarda bugun tom ma’noda “sudyalik” emas “qozilik” qilish imkoniyati yuqoriroq. Ya’ni, maqbul bo‘lmagan qonun va qonun hujjatlarini qo‘llamaslik hamda shaffoflik> ob’ektivlik> xolislik> halollik>yetuklik>oqillik>to‘g‘rilik>vijdoniylik kabi qadriyatga aylanib ulgurgan tushunchalar asosidagi ichki ishonchga tayanib, “adolat”ni ta’minlash birlamchidir.
Sudyaning ichki ishonchi ham o‘z navbatida sinalgan, charxlangan, hayotning past-baland yo‘llarida rostlangan aqlga yo‘g‘rilgan hayotiy tajriba – ilmga, insonni komillikka yetaklovchi chuqur ma’naviyat va yuksak ma’rifatga hamda albatta insoniy fazilatlar muttasil ulug‘lanadigan uning muqaddas oilaviy shakl-shamoyiliga va u tarbiyalangan atrof muhitga bog‘liq bo‘ladi.
Demak, sudya kadrlardagi mana shu fazilatlari sudyalar zahirasini shakllantirishda, faqat biografiyaga oid ma’lumotlarni, nomzodlarga nisbatan bo‘lgan sub’ektiv fikrlarni o‘rganishdan ko‘ra, muhimroq bo‘lishi darkor.
Gapning indalosini aytganda, sudyaning qarori va “adolat” – “qonun” deganda yuqorida keltirilgan qisqa va nozik mushohadalar ham e’tibordan chetda qolmasin deyman xolos.
Nuriddin Murodov,
sudya