English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonun bilan qo‘riqlangan qo‘rg‘onim
15:19 / 2022-10-26

Til-millat ko‘zgusi. Inson hayoti uchun suv va havo qanchalik zarur bo‘lsa, so‘z ham shunday ulug‘ maqomga ega, u tirik jon yanglig‘ ilohiy ne’mat, unga yolg‘on, soxtalik aralashsa, ta’sir kuchi va jozibasini yo‘qotadi. Uning o‘rnini hech bir boshqa muomala vositasi bosa olmaydi, shaksiz.

O‘zbek tili o‘zining betakror so‘z boyligi, og‘zaki va yozma manbalariga ega bo‘lgan, kechmishi olis tarixga borib taqaladigan, so‘zlashuvchilarning soni yer yuzida 35 milliondan ortiqqa yetgan nufuzli tillardan biridir.

O‘zbek tili shu kungacha ko‘p ming yillik tarixiy taraqqiyot yo‘lini mardonavor bosib kelmoqda. “Kul tegin” bitigi, “Devoni lug‘otit turk”, “Hibbat ul-haqoyiq” kabi eng qadimiy manbalardan tortib, o‘rta asrlardayoq turkiy til - o‘zbek tilining chiroyi, boyligini isbotlab bergan “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Xamsa”, “Boburnoma”dan to hozirgi davrgacha yaratib kelinayotgan o‘lmas badiiy asarlar, she’riyat durdonalari tilimizning nufuzini oshirdi, dunyoga ko‘z-ko‘z qildi.

Yusuf Xos Hojib deydiki, “Til va aql bilimning tarjimonidir. Bilki, kishini nuroniy qiluvchi vosita uning ochiq va mazmundor tilidir... Til kishini izzatli qiladi, kishi tili bilan baxtli bo‘ladi. Til arslondir, qara, u seni eshikda poylab yotibdi. Ey mag‘rur uy xo‘jasi, hushyor bo‘lki, agar tilingga ortiqcha erkinlik bersang, o‘ylamasdan so‘zlasang, u bir kunmas bir kun boshingni yeydi....”.

Har gal 21 oktyabr - O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kunga tayyorgarlik ishlari jarayoni boshlanganda 1989 yilning kuzi yodimga tushadi. Esimda, biz, Qarshi davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari paxta dalasida fakultet dekani Poyon Ravshanovdan bu xushxabarni ya’ni 1989 yil 21 oktyabrda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganini, o‘zbek tili davlat tili maqomiga ega bo‘lganini eshitib quvongandik. To‘g‘rida, hali mustaqillik haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin bo‘lmagan davrda ona tilimizga bu maqomning berilishi katta jasorat, til jonkuyarlari uchun ulug‘ tarixiy hodisa edi.

2020 yil 10 aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi o‘zbekman degan, ona Vatani, ona tilini o‘zini, ota-onasini, farzandini suygandek sevgan, ularning tug‘ilgan kunini kutib, quvonch bilan nishonlagan har bir insonning ruhiyatini, ko‘nglini yanada ravshan qildi.

Bundan buyon har yili 21 oktyabr kuni nafaqat O‘zbekistonimizda, balki dunyoning turli burchaklarida yashayotgan o‘zbeklar oilasida, jamoasida katta bayram sifatida nishonlanadi.

Yana bir quvonarli jihati o‘zbek tili xorijiy mamlakatlarning 60 dan ortiq oliy o‘quv yurti va 110 dan ziyod maktabda o‘rganilmoqda. Tilimizga bo‘lgan qiziqish sabab davlatlar o‘rtasidagi ilmiy, madaniy aloqalar ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston Qahramoni, o‘zbekning sevimli shoiri Abdulla Oripov ijodiga chuqur hurmat ramzi o‘laroq AQSHda adibning uy-muzeyini tashkil etish ishlari boshlangani, Germaniyaning Gumboldt universitetida xorijlik talabalar uchun o‘zbek tili kurslarini tashkil etib, ko‘plab samarali ishlarni yo‘lga qo‘ygani sabab o‘zbek tili va adabiyoti bilimdoni, taniqli olima, professor Ingeborg Baldauf xonimga “Do‘stlik” ordeni berilgani, vatandoshlarimiz professor Aziza Mashrabbekova va fan doktori Dilnoza Kalonovaning Koreyaning Xankuk xorijiy tillar universitetida o‘zbek tilini o‘rgatilishini yo‘lga qo‘yib, yuzga yaqin yoshlarni qiziqtira olganidan faxrlanamiz.

Yaqinda bir ma’lumot o‘qidim. Daniyadagi “O‘zbek tashabbuslari” uyushmasi rahbari Ma’rifat Akbarova Orxus shahrida o‘zbek oilalari orasida o‘zbek tili va milliy qadriyatlarini saqlab qolish, o‘zbek farzandlariga o‘zbek tili, tarixi, madaniyati va an’analarini o‘rgatish bo‘yicha kurslar tashkil qilibdi. Vatandan uzoqda yashayotgan millatsevarlar, kundalik turmush tarzida, muloqot jarayonida deyarli ehtiyoj sezmaydigan o‘zbek tiliga nisbatan shuncha ehtirom his qilgan bir vaqtda O‘zbekistonda, har kuni har soniyada muloqotimiz asosiy vositasi, his-tuyg‘ularimiz ifodachisi, eng yaqinimizdan ham yaqinrog‘imiz bo‘lgan Ona tilimizga munosabatni ko‘rib ham uyalasan, ham g‘azablanasan kishi…

O‘zbekning buyuk ma’rifatparvari Abdulla Avloniy: “Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurg‘on oyinayi hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur” deganlarida nechog‘li haq edi. U o‘sha paytda ham tilimiz haqida qayg‘urib, “milliy tilimizni saqlamoq bir tarafda tursin, uni unutib, yo‘qotmoqdamiz” deya jon kuydirgan edi.

Ko‘cha kuyda, jamoat ulovlarida o‘zbekcha so‘zlarga bo‘lar-bo‘lmasga turli xorijiy so‘zlarni qo‘shib “juda yaxshi”, “zo‘r” o‘rniga ”yeyes”, “okeey”, “xo‘p bo‘ladi”ning o‘rniga “yest”, “ko‘rishguncha”ning o‘rniga “poka”, “bay-bay” kabilarni qo‘llayotganlarga tez-tez guvoh bo‘lamiz, afsus. Tasavvur qiling, devorlari nam tortib, nuray boshlagan binoni agar poydevori mustahkam bo‘lsa, tuzatsa bo‘ladi. Ammo buzilgan, qorishiq ahvolga kelgan tilni o‘nglashning iloji yo‘q. Abu Nasr Forobiy aytganidek: ”Yuksak axloqli kishining nutqi ravon, talaffuzi sodda va tushunarli bo‘lishi, aytmoqchi bo‘lgan fikrini tushunish boshqalar uchun qiyin bo‘lmasligi kerak”. Xorazm hukmdori Feruzo‘z davrida maqom kuylarini buzib ijro etgan mashshoqlarni jazolagan, Rusiyada Pyotr I zamonida nutqi noraso kishilarga o‘qituvchilik qilishga ruxsat berilmagan.

Yoki ijtimoiy tarmoqlar, telefonlardagi xabar (SMS)larda o‘zaro yozishmalarda ham “tushundingmi” o‘rniga “chundimi”, “4undiiimi”, “bo‘laveradi” o‘rniga “booovradi”, “sh” o‘riga “W”, “Ch” o‘rniga “4” ning qo‘llanilishi tilga hurmatsizlikdir.

Shu o‘rinda ko‘chalardagi targ‘ibot vositalari haqida ham to‘xtalishni joiz topdim. “ulgurji” - “optom” (o‘ptim), “nonushta” - “zavtrak” (ba’zan hatto rus tilidagisini ham eplab yozolmasdan “zavtirik”), “pashshadan himoyalovchi to‘r” –“Moskitnaya setka”, “biz ish boshladik” –“mы otkrыlis” kabilarning qo‘llanilishi va eng yomoni odamlarimiz buni oddiy hol deb qabul qilayotgani tashvishlantiradi kishini. Ko‘chadagi targ‘ibot vositasini bir kunda minglab yoshlar o‘qiydi, ko‘rish orqali axborotning 80 foizi esda qolishini inobatga oladigan bo‘lsak bir kunda shu xatoliklarni to‘g‘ri deb o‘qib, uni xotirasiga muhrlayotgan avlodning savodini tasavvur qiling endi.

To‘g‘ri, bugungi kunda mamlakatimizda o‘zbek tili, savodxonlik, tilga e’tibor masalasi har qachongidan ham muhim, har bir shahar, tumanda shu masalada hokim maslahatchilari faoliyat olib bormoqda, targ‘ibot vositalaridagi yuqoridagi kabi kamchiliklarni bartaraf etish uchun jonbozlik ko‘rsatmoqda, biroq bu masalaga har bir fuqaro ham e’tiborli bo‘lsa, birlashsa natija ham ortar edi. Tilimiz o‘zbekning o‘ziday qadimiy va barhayotdir! Shuning uchun bugungi kunda dunyo maydonida tik va mag‘rur, qaddi va qadri baland tilimizni asramoq va uni jahonga tanitmoq faqat o‘zimizning qo‘limizda.

Orasta Tosheva,

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar hokimi maslahatchisi.

O‘zA