Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonliko‘lliklar "Sayxunobod tajribasi" bilan tanishdi
18:19 / 2024-10-14

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonliko‘l tumani Sirdaryo viloyatiga biriktirilgach, ikki xalq o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik ishlari tobora quloch yozdi. Nafaqat ijtimoiy sohada, iqtisodiy sohalarda ham hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, aholining ish bilan band bo‘lmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash va ularga munosib shar-sharoit yaratish maqsadida Sirdaryo tajribasi asosida ko‘plab yangiliklarga qo‘l urildi.

Sirdaryo viloyati hokimining tashabbusi bilan Qonliko‘l tuman hokimi o‘rinbosari R. Kalimbetov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, ya’ni tuman hokimi maslahatchilari, yoshlar yetakchilari, pedagoglar, partiyalar faollari, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, ijodkorlar, madaniyat va san’at namoyondalari Sayxunobod tumaniga tashrif buyurib, tuman tajribasini o‘rgandi.

Ular Sayxunobod tumanining Nurobod, Paxtakon, Baxmalsoy, Nurli yo‘l mahallalarida bo‘lib, tomorqachilik, issiqxona xo‘jaligi, asalarichilik, quyonchilik, baliqchilik va boshqa sohalarni rivojlantirish, aholining daromadini oshirish, ishsiz aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar bilan yaqindan tanishib, sayxunobodliklar bilan dildan suhbatlashib, o‘zaro tajriba almashdi.

[gallery-19736]

–O‘ylashimcha, Sayxunobod tumani tajribasi qonliko‘lliklar uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi,–deydi nurobodlik tadbirkor va agronom Zayniddin Nurmatov.–Ular xonadonimga tashrif buyurdi. Katta bo‘lmasada, kichikkina issiqxona xo‘jaligimda yetishtirilayotgan, dasturxonimning to‘kin, ro‘zg‘orimning obod bo‘lishiga hissa qo‘shayotgan issiqxona xo‘jaligimni ko‘zdan kechirib, shu to‘xtamga keldi, deya o‘ylayman. Chunki, kichik bo‘lsada, issiqxona xo‘jaligimga yil davomida to‘rt marotaba ekin ekib, to‘rt marotaba hosil olaman. Har bir qarich yer, unga qadalgan urug‘ hisobli. Qolaversa, ekkan ekinimning orasiga unga mos va xos bo‘lgan qo‘shimcha ekin ekaman. Qonliko‘lliklar bu ishimdan o‘zlariga xulosalar olishdi. Kelgusida ular ham o‘z tomorqalarida shu kabi ishlarni yo‘lga qo‘yib, nafaqat ro‘zg‘ori, bozorlarining to‘kin bo‘lishiga hissa qo‘shadigan loyihalarni ishga tushirish, zarur bo‘lsa, onlayn tarzda maslahatlashadigan bo‘lishdi.

Delegatsiya a’zolarida baliqchilik, asalarichilik sohasida erishayotgan natijalar ham katta qiziqish uyg‘otdi. Shunga yarasha savol-javoblar ham ko‘p bo‘ldi. "Ozgina harakat qilsa, erishsa bo‘ladigan ishlar ekan" deya fikr bildirishdi.

Xullas, qonliko‘lliklar tashrif doirasida Sayxunobod tumani tajribasini Orol bo‘yi hududlarida ommalashtirish, nafaqat tomorqachilik sohasini, asalarichilik, quyonchilik, parrandachilik kabi yo‘nalishlarda ishni tashkil etib, aholining ishsiz qatlamini ish bilan ta’minlash yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar rejasini tuzib olishdi. 

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri