Prezident tashabbusi amalda
Aholi turmush farovonligini yuksaltirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish orqali ish oʻrinlarini yaratish maqsadida Qoraqalpogʻistonning har bir tumani respublikamiz viloyatlariga biriktirilgan. Qonlikoʻl tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga masʼul etib Sirdaryo viloyati belgilangan.
Yillar silsilasida toblangan bugungi Qonlikoʻlda yangi hayot, yangi imkoniyat eshiklari ochilmoqda. Bu yerda keyingi ikki yilda aholi kundalik hayot tarzi uchun muhim boʻlgan sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan ishlar koʻlami oshgan. Qayd etish lozimki, hudud obodligi, el farovonligi yoʻlidagi islohotlarda sirdaryoliklar ham faol qatnashmoqda. Mahalliy masʼullar bilan hamkorlikda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy holati, salohiyati va imkoniyatlari oʻrganib chiqildi.


Qonlikoʻl asosan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan hudud ekanligini inobatga olib, yangi yerlarni oʻzlashtirish, suv olib kelishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayni kunga qadar 358 kilometr irrigatsiya tarmoqlari va kollektorlar tozalandi. Ikkita yangi nasos stansiyasi ishga tushirilib, 53 gektar yer maydoni oʻzlashtirildi.
Shuningdek, bogʻdorchilik, polizchilik, chorvachilik, issiqxona xoʻjaliklari tashkil etish borasida ham salmoqli ishlar bajarildi. Jumladan, Arzimbetqoʻm, Qosjap, Qonlikoʻl va Janaqala OFYlarda yashovchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga 1 sotixdan yer maydonida issiqxona qurib berildi. Shu orqali 100 xonadonning uy sharoitida qoʻshimcha daromad olish imkoniyati yaratildi.


Arzimbetqoʻm OFYda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 20 ming dona manzarali va mevali koʻchatlar hamda 3,5 million dona qalamchalar ekilib, 5 gektar maydonda Sirdaryo – Qonlikoʻl “Doʻstlik bogʻi” barpo etildi. Eʼtiborlisi, bogʻ qator oralariga qovun ekilishi qoraqalpoq diyorida qovunchilikda “Sirdaryo tajribasi”ni keng ommalashishiga xizmat qilmoqda.
Ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida Madaniyat OFYda ikki xalqning tarixiy orzu-intilishlarini oʻzida uygʻunlashtirgan, qurilish arxitekturasi jihatidan zamonaviy va milliy meʼmoriy yechimga ega “Sayxun va Jayhun" maʼnaviyat va maʼrifat maskani bunyod etildi. Chekka mahallalarda zamonaviy hammomlar qurildi. Yangi quvurlar tortilib, ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi. Taʼmirtalab koʻchalarga qum-shagʻal aralashmasi yotqizildi.


Sirdaryolik tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan sanoat va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida qiymati 573,9 milliard soʻmlik dastlabki 14 loyiha shakllantirildi. Tuman aholisining ijtimoiy muhofazasi ham nazardan chetda qolgani yoʻq, albatta. Ushbu toifadagi oilalar uchun turli madaniy tadbirlar, sayohatlar uyushtirish bilan birga, ularni viloyatdagi sihatgohlarda sogʻlomlashtirish choralari koʻrildi. Qisqacha qilib aytganda yordam koʻrsatish koʻlami keng. Har bir yoʻnalish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, tuman va shahar hokimlari, tadbirkor-fermerlar, madaniyat va sanʼat xodimlari, nuroniylar hamda bir guruh yoshlar Qonlikoʻl tumanida boʻlishdi. Tashrifning birinchi kuni davomida mahallalarda turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yetti xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
“Jayhun” oʻyingohida “Yangi Oʻzbekistonda madaniyatimiz va doʻstligimiz abadiy boʻlsin” shiori ostida boʻlib oʻtgan konsert dasturida madaniyatlar birlashdi, deyish mumkin. Konsert avvalida qonlikoʻllik yoshlar yetakchilariga faoliyati davomida foydalanish uchun Sirdaryo ahli nomidan tuhfa sifatida umumiy qiymati 100 million soʻm boʻlgan noutbuk, ovoz kuchaytirgich va sport anjomlari tantanali topshirildi. El suygan sanʼatkorlarning xalqlarimiz doʻstligini tarannum etuvchi chiqishlari, dilrabo kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Shuhrat SUYAROV,
OʻzA muxbiri