Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qonli qilich izidan...
17:45 / 2021-12-06

Inson umri nima bilan o‘lchanadi? Uzoq umr ko‘rish, behisob boyliklarga ega bo‘lish bilanmi? Hargiz.

Hamma zamonlarda – kecha ham, va tabiiyki bugun ham umrning qiymati insonning amalga oshirgan ezgu ishlari bilan muqoyasa qilinadi, belgilanadi.

Shoir, tarjimon va yozuvchi Saidvafo Boboyevning bosib o‘tayotgan umr yo‘liga qarab turib ana shu o‘ylar ko‘ngildan o‘taveradi.

Saidvafo aka iste’dodlar yurti Boysundan. Uning qismat yo‘li qaysidir ma’noda atoqli adib Chingiz Aytmatov taqdir yo‘llariga sal o‘xshab ketadi. Sababi, asl kasbi bo‘yicha u ham – zootexnik. Ijodkorlik uning ham qonida bor edi. Hali o‘quvchilik davridayoq tuman gazetasiga xabar, lavhalari, maqolalari chiqib turardi. Besh yil institutda zootexnik muhandislik bo‘yicha saboq olishga to‘g‘ri kelganda ham u yozishdan to‘xtamaydi.

Bo‘lajak adib, institutni bitirib, yozish – chizishga bo‘lgan qiziqishi ustun kelganligi bois, kasbi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sohasida emas, gazetachilik bilan shug‘ullana boshlaydi. Turli yillarda «Surxon tongi», «Zarya Surxana», «Mohiyat», «Avtomobilchi Plyus» gazetalarida mehnat qiladi. Bu davrda u 20 dan ziyod kitoblar ham yozadi.

U – O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Shuningdek, O‘rta Osiyo Turon yozuvchilar uyushmasiga ham a’zo va ushbu uyushma prezidiumi a’zosi ham.

Bugun o‘quvchilari qiziqib o‘qiydigan bir qancha asarlarini u studentlik davrida yoza boshlagan, faqat nashr etishga shoshilmas, istihola qilardi. Uning o‘quvchilari qo‘liga tekkan ilk asari «Sirtmoq qoshidagi o‘ylar». Keyin adibning qator asarlari dunyo yuzini ko‘rdi. «Armonli dunyo», «Ushalmagan orzular», «Qo‘rqinchli tush», «Qonli qilich», «Ajdarho komida», «Adabiyot va hayot», «Millat iftixori», «O‘zbekiston paxta sanoati» kabi kitoblari adibning o‘ziga xos adabiy iqtidoridan darak berib turadi.

Saidvafo Boboyev asarlarida bugungi kun manzaralari, chizgilarini ko‘rib ko‘zlaringiz quvonadi. Shu bois uning ixcham ammo pishiq va puxta yozilgan hikoyalari kitobxonlar ko‘ngil mulkiga aylanib boradi. Uning «Xalaskor xabar», «Olato‘nliklar» nomli hajman kichik ammo pishiq ishlangan hikoyalari fikrimizga dalil bo‘la oladi. Ta’sirli syujet va chuqur mazmunga ega hikoyalardagi holat adibning deyarli hamma asarlarida uchraydi. U ziddiyatlarga qurilgan hayot haqiqatlarini o‘ziga xos badiiy bo‘yoqlarda ko‘rsatishga intiladi. Sodda, ravon uslubda yozilgan asarlarni esa o‘quvchi yengil va oson qabul qiladi.

Saidvafo akada shoirlik ham bor, tarjimonlik ham. U o‘zbek ijodkorlari asarlarini tojik tiliga, rus va tojik tillaridagi sara asarlarni esa o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘giradi.

Adibning «Qonli qilich» romani yaqinda 5- marta qayta nashr bo‘ldi. Mazkur roman Buxoro hukmdori Amir Olimxonnning sehrli qilichi haqida. «Bu roman tarixiy haqiqatga asoslanib yozildi, qilich kimning uyida saqlansa, o‘sha joyda albatta qandaydir noxushlik yuz bergan, men buni uch yil el kezib, o‘rgandim» – deydi adib. Xullas, Saibvafo Boboyev shunchaki qo‘liga qalam olmaydi.

Shu kunlar adibning yangi kitobi – «Yulduzlar yog‘dusi» o‘z o‘quvchilari qo‘liga borib yetadi. Asar milliy san’atimiz, madaniyatimizning yaqin o‘tmish va bugungi darg‘alari hayotiga bag‘ishlangani bilan ham o‘z o‘quvchilarini topishiga shubha yo‘q.

A.Narzulloyev, O‘zA