Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoniqarsiz deb topilgan institut, hayfsan olgan mas’ullar, vazir e’tiboridagi muammolar...
15:41 / 2022-02-07

O‘zA KUZATUVI: O‘zbekiston amaldorlari hafta davomida qanday ishlar bilan shug‘ullandi?

bugungi kunda Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, zamon talablariga javob beradigan mutaxassis kadrlarni tayyorlash dolzarb vazifa.  Joriy yil 7 fevraldan boshlab yurtimizdagi oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkazilishi e’lon qilindi. Darhaqiqat, sohani rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.  Xo‘sh, o‘tgan haftada Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov qanday ishlar bilan mashg‘ul bo‘ldi?

Vazir A.Toshqulov haftani respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalarini kompleks o‘rganishdan boshladi. Bunda vazir A.Toshqulov va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.Toshkenboyev boshchiligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan respublika OTMlarining barchasida 23 ta mezon asosida tanqidiy, tahliliy o‘rganish ishlari olib borildi.

Bu jarayon Qashqadaryo viloyatidagi OTMlarni o‘rganishdan boshlandi. 1 fevral kuni vazir boshchiligida tuzilgan ishchi guruh Qarshi davlat universitetida bo‘lib, viloyat hokimi o‘rinbosari, hududdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, sohaga aloqador mas’ul tashkilotlar hamda OAV vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. 

Unda yutuq va tajribalar keng ommalashtirilishi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirildi. 
So‘ng Qarshi davlat universitetining yangi ta’mirlangan, 1200 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv binosi ko‘zdan kechirildi. 
2 fevral kuni viloyatdagi mavjud 6 ta oliy ta’lim muassasasini tanqidiy, tahliliy o‘rganish jarayonlari nihoyasiga yetdi. 

O‘rganish natijalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.  Unda vazir A.Toshqulov viloyatdagi ta’lim muassasalarida sifatni oshirish, talabalarga sifatli ta’lim sharoitlarini yaratish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilganini qayd etdi. bugungi kunda Qashqadaryo viloyatidagi 6 ta OTMda ta’lim bilan qamrov 28 foizga oshib, talabalarning umumiy kontingenti 51 431 nafarni tashkil qilmoqda. Professor-o‘qituvchilarning umumiy soni 2 779 nafarni tashkil etib, ilmiy salohiyat 23,4 foizga oshdi.

Professor-o‘qituvchilarning o‘quv-uslubiy va ilmiy tadqiqot faoliyatida "Web of Science“ va ”Scopus" jurnallarida chop etilgan maqolalar 150 dan oshgan va ilmiy ishlarga berilgan iqtiboslar soni 2 barobarga o‘sgan. Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan so‘nggi 2 yilda 226 nomda o‘quv adabiyotlari yaratilgan. Iqtidorli talabalar 9 ta xalqaro olimpiada va nufuzli respublika tanlovlarida, 25 ta ta’lim loyihalarida hamda xalqaro konferensiyalarda ishtirok etgan.

Shuningdek, yig‘ilishda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali faoliyatini tashkil etishdagi harakatlari e’tirof etildi.
Erishilgan yutuqlar bilan birga, hududdagi bir qator oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va ilmiy salohiyat yetishmasligi, moddiy-texnik baza bilan to‘liq ta’minlanmagani, kredit-modul tizimidagi muammolar, masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yishdagi kamchiliklar tanqid qilindi.

Xususan, Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyati qoniqarsiz deb topilib, direktor, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari va o‘quv-metodik boshqarma boshlig‘iga masofaviy ta’limni tashkil qilishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun hayfsan berildi. Muammolarni bartaraf etish uchun uch oylik muddat qo‘yildi.  

«Bugun masofaviy ta’lim uchun yaratilgan ko‘plab maxsus platformalar bo‘la turib, uch ming nafar talabani telegram orqali o‘qityapsizlar. Hamma narsa telegramda. Oliy ta’lim muassasasining o‘z platformasi yo‘qmi? Bu nima ahvol? Prezidentimizning ozgina tashvishlari ming chandon to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lib ketyapman. Barchasi bo‘yicha xulosa qilinadi. Endi ta’lim siyosatiga hamma javob beradi», deya ta’kidladi A.Toshqulov.

4 fevral kuni A.Toshqulov O‘zbekiston voleybol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida ishtirok etdi. 
Konferensiyada O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi mas’ullari, sportchilar so‘zga chiqib, mamlakatimizda voleybol sport turini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.  

Hisobot-saylov konferensiyasida O‘zbekiston voleybol federatsiyaga rahbar saylash masalasi ko‘rildi. Unda O‘zbekiston voleybol federatsiyasi rahbari lavozimiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov nomzodi ilgari surildi. Vazir Abduqodir Toshqulov nomzodi bir ovozdan ma’qullanib, O‘zbekiston voleybol federatsiyasining prezidenti etib saylandi.
Vazirning haftalik faoliyati Surxondaryo viloyatida joylashgan 6 ta oliy ta’lim muassasasini o‘rganish bilan yakunlandi.  

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA