Nukusda “Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori kubogi” uchun kurash musobaqasining g‘oliblari aniqlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan hamkorlikda mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi hamda “6 sentyabr – kurash milliy sport turi kuni” munosabati bilan tashkil etilgan musobaqada shahar va tumanlardan kuchli polvonlar ishtirok etdi.
Aholining barcha qatlamlarini kurash bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish, kurashni umumxalq sport turiga aylantirish, ommalashtirishda davlatimiz rahbarining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu qaror asosida kurash milliy sport turini 2025 yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Musobaqa natijasiga ko‘ra jamoaviy bellashuvlarda Qo‘ng‘irot tumani polvonlari birinchi o‘rinni egallab, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori kubogi” sohibi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Amudaryo tumani, uchinchi o‘rinlarni Kegayli hamda Nukus tumanlari jamoalari egalladi.
[gallery-8677]
Musobaqaning mutlaq g‘olibligi uchun Xorazm viloyatidan Boltaboy Boltayev hamda qoraqalpog‘istonlik Zaxriddin Zaytov o‘zaro bellashdi. Unda xorazmlik polvon Boltaboy Boltayev g‘alaba qozondi. Uchinchi o‘rinlarni samarqandlik Sanjar Ne’matov hamda qoraqalpog‘istonlik Mirbek Abdixalikov qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning mutlaq g‘olibi 50 million so‘m, ikkinchi o‘rin 25 million so‘m, uchinchi o‘rinning har biri 10 million so‘mdan pul mukofoti, diplom, medallar bilan taqdirlandi. Shuningdek, jamoaviy bellashuvlarning g‘oliblariga diplom, kubok, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Musobaqada shuningdek, “Eng yaxshi murabbiy”, “Eng yaxshi hakam”, “Eng yaxshi sportchi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA