Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘ng‘irotlik o‘quvchilar Qashqadaryoda: ta’til maroqli o‘tmoqda
16:41 / 2022-08-04

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidan 200 nafar maktab o‘quvchisi Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Lochin” yozgi sog‘lomlashtirish oromgohida maroqli dam olmoqda.

So‘lim tabiatli xushmanzara go‘sha qoraqalpog‘istonlik bolajonlarga juda manzur bo‘lmoqda.  

– Bu yerda vaqtimizni xush o‘tkazmoqdamiz, – deydi 13 yoshli Jadыra Islamova. – Ayniqsa menga oromgohdagi dunyoning yetti mo‘’jizasi hisoblangan tarixiy binolar maketlari juda yoqda. Xuddi o‘sha joylarga borgandek bo‘ldim. Ko‘plab do‘stlar orttirdim. Badiiy kechalarda qatnashdim. Quvonchlarim cheksiz.  

[gallery-8156]

Oromgohda “Milliy raqslar”, “Milliy ashulalar tanlovi” va “Eng go‘zal ijro” tanlovlari tashkil qilingan. Bundan tashqari, oromgohda kechki umumiy yig‘inda “Eng ahil jamoa”, “Eng toza yotoqxona”, “Eng mas’uliyatli jamoa navbatchisi”, “Eng mas’uliyatli yetakchi”, “Eng chaqqon tarbiyachi” nominatsiyalari bo‘yicha tanlovning kun g‘oliblari e’lon qilib borilmoqda. Jamoalar ishtirokida o‘tkazilayotgan “Quvnoqlar va zukkolar”, “Keling, bir kulishaylik!”, “Modalar tanlovi”, “Balli yigitlar”, “Balli qizlar”, “Jajji malikalar”, “Oromgoh shahzodasi”, “Oromgoh malikasi” tanlovlarida  bolajonlar faol ishtirok etmoqda. 

Prezidentimiz joriy yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Orolbo‘yini birgalikda rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari muayyan viloyatlar, jumladan, Qo‘ng‘irot tumani Qashqadaryo viloyatiga biriktirilgan edi. 

Shunga binoan, tegishli “yo‘l xaritasi” hamda Xalq deputatlari viloyat Kengashi va viloyat hokimining qarorlariga asosan qo‘ng‘irotlik nuroniylar va yoshlarning yozgi mavsumda maroqli dam olishi uchun viloyat mahalliy byudjetning 2022 yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan 740 million so‘m ajratilishi belgilandi. Bundan oldin esa viloyat hokimining qaroriga muvofiq, Qo‘ng‘irot tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarga viloyat mahalliy byudjetining 2022 yil zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘m yo‘naltirilishi qayd etilgan edi.  

Viloyat hokimligining axborot xizmati joriy yil aprel oyida e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati tomonidan Qo‘ng‘irot tumanida bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan. Masalan, Qo‘ng‘irot tumani Ravshan ovul fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy ko‘rinishdagi 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasini qurish rejalashtirildi. 

Shuningdek, “Beshkent Agroklaster” MCHJ tomonidan Qo‘ng‘irot tumanidagi 500 ta aholi xonadonida 2500 bosh sog‘in sigirdan olingan sutni kooperatsiya asosida xarid qilib, qayta ishlash hamda ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun 1000 gektar yer maydonini o‘zlashtirish mo‘ljallangan. 100 nafar urologiya sohasidagi bemorning holatini nazoratga olib, Qashqadaryo viloyatidagi urologiya markazi mutaxassislari tomonidan bepul tarzda jarrohlik amaliyoti amalga oshirilishi belgilangan.  

O‘lmas Barotov,  
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.