Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Qon topshir– hayot in’om et”
18:31 / 2023-12-03

Respublikamiz bo‘ylab “Donor bo‘ling va hayotni saqlab qoling” shiori ostida o‘tkazilgan beg‘araz donorlik aksiyasi Sirdaryo viloyati qon quyish stansiyasida ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Ushbu xayriya tadbirida  “Adolat” SDP Sirdaryo viloyat Kengashi xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Yoshlar qanoti, Ayollar qanoti, viloyat,tuman va  shahar Kengashlari  deputatlari , ko‘ngilli fuqarolar, Shirin shahridagi  harbiy qism xizmatchilari ishtirok etdi.  

Sirdaryo viloyat qon quyish stansiyasi bosh shifokori  X.Xalamov  Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hududlarga taqdim etilgan “ISUZU HC40” rusumli avtotransport vositalari negizida tayyorlangan ko‘chma donorlik majmuasini  aksiya ishtirokchilariga tanishtirdi.  

Mazkur avtobuslar maxsus karavot, muzlatkich, gemokonteyner, havoni tozalashga mo‘ljallangan bakteriyaga qarshi lampalar, konditsioner hamda yoritgichlar bilan jihozlangan. Unda bir vaqtning o‘zida 3 nafar donordan qon olish mumkin. Mobil donorlik komplekslari yurtimizda sayyor donorlikni rivojlantirish, hududlarda sifatli qon komponentlarini yig‘ish ishlarini samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda.

– Donor o‘z qoni bilan inson hayotini saqlab qolishi mumkin,  chunki  turli  noyob  jarrohlik  amaliyotlarining  muvaffaqiyatli kechishida, onkologik va gematologik kasalliklarni davolashda, ba’zan tug‘ruq jarayonlarida,  baxtsiz  hodisalarda qon va uning komponentlarining ahamiyati katta, – deydi bosh shifokor. – Donorlik yurak va qon tomirlari salomatligini mustahkamlaydi. Shuning uchun yiliga kamida bir marta  qon topshirib turish kerak. Bu holat yurak xuruji xavfini 88% ga kamaytiradi, agar qon juda quyuq bo‘lsa, qon tomirlarining tiqilib qolish ehtimoli ortadi. Bu yuqori gemoglobin va ortiqcha temir moddasi tufayli sodir bo‘ladi.

Tibbiyot nuqtai nazaridan  qon  berishning organizmga  foydali jihatlari,  qon aylanishining  yaxshilanishi  tibbiyot xodimlari tomonidan isbotlangan. Bo‘lib o‘tgan xayriya  aksiyasida 18 yoshdan 60 yoshgacha  sog‘lom fuqarolar qatnashdi.

–Hozirgi kunda donorlar soni kamayib borayotgani sababli “Bor mehrimiz senga, bolajon!” xayriya qon quyish aksiyalari tashkil qilinmoqda, – deydi qon quyish markazi laboratoriya mudiri G.Abdujabborova. – Kuniga tezkor jarrohlik operatsiyalari, tug‘uruq, avtohalokat va har xil favqulodda vaziyatlar bo‘ladi. Zaxirada qon miqdori bo‘lmasa, biz bemorga qon yetkazib bera olmaymiz. Donorlarning soni ko‘payib zaxiramiz oshishi uchun targ‘ibot ishlarini yanada ko‘paytirishimiz kerak.  

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri