English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qomusni anglamoq uning qalbdan joy olishiga zamin yaratadi
15:41 / 2022-11-23

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, hayotimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Darhaqiqat, yurtimizda yuz berayotgan siyosiy yangilanishlar, ulkan islohotlar amalga oshirilishida ushbu hujjat muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar, ayniqsa, yosh avlod huquqlari kafolatlari Bosh qomusda o‘rin olgani va amalda ta’minlanayotgani tufayli xalqimiz erkin, tinch va xotirjam hayot kechirmoqda.  

Konstitutsiyani chuqur o‘rganish, unda belgilangan qonun-qoidalarga og‘ishmay amal qilish esa har bir fuqaroning davlat va jamiyat oldidagi muqaddas burchidir.  

Zero, uning g‘oya va normalarida xalqimizning ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlari, boy tarixiy-huquqiy merosi aks ettirilgan.  

Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, eng avvalo, huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyatga, ya’ni har bir fuqaro o‘z haq-huquqini bilishi bilan birga, o‘zgalar haq-huquqini, davlat va shaxs manfaatlarini hurmat qilishiga bog‘liq.  

Shu bois huquqiy ma’rifat masalasiga alohida e’tibor berilib, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish choralari ko‘rilayotir.  

Oilaviy hayotda bo‘ladimi, jamiyatdagi munosabatlardami, o‘qish va ish faoliyatidami – barchasi Konstitutsiya va u asosida yaratilgan qonunlar bilan tartibga solinadi.  

Bosh qomusimizning 18-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, deb belgilab qo‘yilgan.  

Jamiyatimizda har bir oilada va fuqarolar hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan bo‘lsa, bularning barchasini Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan talab va qoidalarning hayotimizdagi amaliy ifodasidir.  

O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar.  

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamizni nafaqat hurmat qilish, balki unda mustahkamlangan haq-huquqlarimizni yaxshi bilishimiz juda muhim. Zotan, qomusni anglamoq uning qalbdan joy olishiga zamin yaratadi.  

 

Timur Daurov,  

huquqshunos, ekspert.  

O‘zA