English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qomusiy miqyosdagi bilimlar sohibi
15:21 / 2021-01-11

Oybekning "Bolalik" asari. Muqovasi anchayin eskirib ketgan bu kitobni o‘qib bitirganimga ko‘p yillar bo‘lsa-da, uni hamon varaqlashni kanda etmayman.

Sababi, mazkur risolada g‘ariblik uzra bolalikning samimiy, beg‘ubor, toza, yurakka yaqin manzaralari kitobxon e’tiborini jalb etaveradi.

Manbalarga ko‘ra, yigirmanchi asr o‘zbek adabiyotining rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ adib, shoir, olim, jamoat arbobi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek 1905 yili Toshkent shahrida bo‘zchi oilasida dunyoga keldi.

Bu yil ustoz adib, akademik ijodkor tavalludiga 116 yil to‘ldi.

Adabiyotshunoslar fikricha, ustoz adib adabiyotga 1926 yili chop etilgan «Tuyg‘ular» she’riy to‘plami bilan kirib keladi. Shoirning «Dilbar davr qizi», «O‘ch», «Baxtigul va Sog‘indiq», «Temirchi Jo‘ra» poemalari o‘z davrining she’riy solnomalaridandir. Uning ko‘plab dostonlari tarixiy, zamonaviy va xorijiy mavzularda yaratilgan.

Manbalarda qayd etilishicha, o‘zbek xalqining 1916 yilgi milliy ozodlik qo‘zg‘oloni yozuvchining «Qutlug‘ qon» romanida zo‘r mahorat bilan realistik ifodalangan. Adibning ikkinchi yirik tarixiy asari «Navoiy» romanidir. Oybek bu romanda o‘zbek adabiyotida birinchi bo‘lib, ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy obrazini

yaratdi. Har qanday ijod mahsuli zamirida mashaqqatli mehnat yotadi. Biroq tarixiy asarlar necha ming karra izlanish, qadimiy manbalarni puxta o‘rganish, muayyan davr shaxslarning fikrini, qarashini, munosabatlar, turli tarixiy jarayonlarni haqqoniy yoritishni talab etadi. Shu ma’noda "Navoiy" romanini Oybekning shoh asari deb atasak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Uning «Oltin vodiydan shabadalar» asarida xalqimizning urushdan so‘nggi davr yaratuvchilik mehnati, «Quyosh qoraymas» romanida Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alaba aks ettirilgan.

Mutaxassislarning fikricha, adibning «Ulug‘ yo‘l» asari esa «Qutlug‘ qon» romanining mantiqiy davomi bo‘lib, unda yozuvchi milliy ongning shakllanishini mahorat bilan ko‘rsata olgan.

Oybek 1949 yilda Pokistonga sayohat qildi. Adib Pokiston xalqining hayotini, fikr va tuyg‘ularini, kurash va intilishlarini «Pokiston xotiralari» ocherklarida, qator she’rlarida, «Zafar va Zahro», «Haqgo‘ylar» dostonlarida, nihoyat «Nur qidirib» povestida tasvirladi.

Oybek iste’dodli shoir, yirik nosir bo‘lishi bilan birga atoqli olim, davlat va jamoat arbobi, publitsist, tanqidchi va tarjimon hamdir. O‘zbek kitobxonlariga Pushkinning «Yevgeniy Onegin», Lermontovning «Maskarad» asarini, Molerning «Tartyuf» dramasi va boshqa jahon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Oybek 1943 yilda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a’zoligiga saylandi va 1950 yilgacha Akademiyada ijtimoiy fanlar bo‘limining raisi lavozimida ishladi. U yuqori malakali filologlar tayyorlashga katta hissa qo‘shgan ustozdir.

Ulkan adib «Navoiy» romani uchun Davlat mukofoti sovrindori bo‘ldi, bir necha orden va medallar bilan taqdirlandi. U O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti sovrindoridir. Yozuvchining asarlari o‘zbek adabiyotining jahon aro shuhratini yanada oshirdi.

Istiqlol yillarida zabardast adibning milliy adabiyotimiz, so‘z san’ati tarixi, ona tilimizga qo‘shgan hissasi yana e’zoz topdi. Garchi biz yuqorida manbalardan keltirgan holda Oybekning asarlarini sanab o‘tgan bo‘lsak-da, har bir roman, hikoya, doston yoxud tarjima asari zamirida zargarona mehnat, mashaqqat, qanchadan-qancha zahmat bor. Sho‘ro zamonasi zug‘umidan salomatligiga jiddiy putur yetgan bo‘lsa-da, ustoz adib azbaroyi xalqiga, shu zaminga, adabiyotga mehri sababli ijodidan, izlanishdan to‘xtamadi. Hamon asarlarini o‘qib, satrlari ichra ustoz yozuvchining nechog‘li donishmand, kamtarin, fidoyi shaxs bo‘lgani, qomusiy miqyosdagi bilimlar sohibi ekanligi balqib turadi.

Muso Toshmuhammad o‘g‘li – Oybek 2001 yilda "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlandi. Uning samimiy so‘zi, jonfidoligi, milliy adabiyotga, o‘z xalqiga cheksiz ehtiromi, mehri chinakam ibrat manbaidir.

 

Nazokat USMONOVA, O‘zA