Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qomusimizda oila muhofazasi, bola huquqlari kafolatlari kuchaytirildi
11:59 / 2023-03-30

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida Konstitutsiya alohida o‘rinda turadi. Yangi O‘zbekiston – yangi islohotlar sharoitida inson huquq va erkinliklarining oliy qadriyat sifatida e’tirof etilishi, davlat organlarining xalq manfaatlariga xizmat qilishi taraqqiyotimizning muhim mezonidir.

Konstitutsiya Asosiy qonun sifatida barcha qonunchilik sohalarining bosh manbai hisoblanadi, chunki unda xalqning oliy irodasi o‘zining qonuniy ifodasini topadi.

Konstitutsiyada shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplari o‘rnatiladi. Davlat hokimiyatining tuzilishi, uning sub’ektlari va hokimiyatni amalga oshirish mexanizmini belgilaydi, jamiyat, inson va fuqaroning davlat tomonidan qo‘riqlanadigan huquqlari mustahkamlanadi.

Masalan, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanib, hayotning abadiyligini, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan muqaddas maskan. Kelajak avlod qanday inson bo‘lib voyaga yetishi oilaviy muhitga bevosita bog‘liq.

Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.

Shu bois yangilangan Konstitutsiyada onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilanmoqda. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

Bolalarni to‘g‘ri tarbiyalashda birlamchi vazifa ularning ota-onasi hamda ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar zimmasiga yuklanadi. Bolani tarbiyalash huquqi dastlab va ustuvor jihatdan uning ota-onasiga tegishli huquq va majburiyat sanaladi.

Shu sababli Konstitutsiyada bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va tarbiyalash borasida ota-onaning birday huquqli va mas’ul ekanligi ham belgilandi. Ma’lumki, bolalar tarbiyasi va ularning kamoli davlat uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Chunki bolalar ertangi kun kelajagi, xalqning, millatning va davlatning tayanchidir.

Davlat bolalarning rivojlanishi, ularda ma’naviy qadriyatlar shakllanishiga oid zarur chora-tadbirlarni ko‘rishini ham zimmasiga olishi zarur. Qolaversa, bola uchun har qanday tarbiyadan istalgan maskandan ko‘ra oilaviy tarbiya va oila maskani, ota-ona bag‘rida kamol topish ustuvor ekanligi ham konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilandi.

Oilalarning barqarorligi, ota-ona va bolalar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro hurmat va g‘amxo‘rlikni ta’minlash, davlatning yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga nisbatan mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kabi qoidalarning konstitutsiyada belgilanishi jamiyat rivojida muhim o‘rin tutadi.

Salomat Niyozova,

TDYUU professori,

yuridik fanlari doktori.

O‘zA