Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qomusimiz qabul qilingan kun tantana qilindi
12:53 / 2025-12-07

Xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlab olingan huquqiy-demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib kelayotgan Konstitutsiyaning milliy taraqqiyotimizdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab xalqimiz hayotidagi muhim va shonli sana – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi katta tantanalar bilan nishonlanmoqda. 

Sana munosabati bilan viloyat musiqali drama teatrida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hamda shahar va tumanlar hokimliklari mutasaddilari, senator va deputatlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, viloyat tashkilot va boshqarmalari rahbarlari, viloyat faollari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari,  shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tantanali tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi. 

Bayram tadbirini viloyat hokimi Botir Zaripov kirish so‘zi bilan ochdi. Prezidentimiz tashabbusi hamda el-yurtimizning yakdil azmu qarori bilan joriy yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayotimiz uchun mustahkam huquqiy asosga aylanganini ta’kidladi.

Umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamiz xalqaro hujjatlar talablariga to‘la mos holda, inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini kafolatlab berdi. Xususan, hokimlar bir paytning o‘zida mahalliy kengashlarga ham rahbarlik qilib kelgan amaliyotdan ushbu organlarga ilk bor deputatlar orasidan saylangan kengash raisi boshchilik qiladigan yangi tizimga o‘tildi. 

Bundan tashqari, hokimlarning 30 dan ziyod vakolatlari mahalliy kengashlarga o‘tkazilgani ijtimoiy hayotimizda demokratiya, xalqparvarlik tamoyillari tobora keng o‘rin olayotganidan dalolatdir. Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha Asosiy qonunimizda muhrlab qo‘yilgan ustuvor tamoyillarni hayotimizga izchil tatbiq etish borasida viloyatda ham keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

– Yakunlanib borayotgan 2025 yilda ijtimoiy himoyaning muhim kafolati bo‘lgan yangi ish joylari yaratish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini “Temir daftar”, ayollar va yoshlar daftarlaridan chiqarish, odamlarni muqim daromad manbaiga ega qilish borasidagi ishlar natijasida 268 ming 172 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Kambag‘allik darajasi 8,7 foizdan 3,7 foizga tushirildi. Investitsiya dasturlari doirasida 2,3 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Hududiy korxonalar tomonidan 284,4 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilgan bo‘lib, yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 355,7 million dollarga yetkaziladi – deydi Botir Zaripov o‘z nutqida. 

Bunyodkorlik sohasida, 2025 yil dasturlari doirasida viloyatda jami 477 ta ob’ekt barpo etilgan bo‘lsa, 156 ta ijtimoiy soha inshooti, jumladan, 96 ta maktab, 21 ta maktabgacha ta’lim, 22 ta tibbiyot, 12 ta sport va boshqa inshootlarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Qorako‘l tumanida umumiy qiymati 90 milliard so‘m bo‘lgan Achariya universitetining birinchi bosqich qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasining 30 gektar yer maydonida sanoat ipotekasi asosida texnopark tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, Buxoro tumanida 30 gektar yer maydonida “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo etilib, Buxoro shahri va Buxoro tumani aholisi uchun dam olish joylari yaratilmoqda.

Shuningdek, xalqimizning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bu borada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish maqsadida jahonning nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlikda yirik loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan Olot tumanidagi quyosh va G‘ijduvondagi shamol elektr stansiyalari ishga tushirilgani salmoqli yutuqlardandir. 

Joriy yilda viloyat hayotidagi eng yirik voqeliklardan biri sifatida sentyabr-noyabr oylarida o‘tkazilgan Xalqaro san’at biyennalisidir. Viloyat tarixida birinchi marotaba o‘tkazilgan nufuzli anjuman davomida 2,1 million nafar sayyoh Buxoroga tashrif buyurdi.

[gallery-26608]

Bayram tadbirida viloyat madaniyat boshqarmasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi viloyat bo‘linmasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan tayyorlangan badiiy musiqiy dastur namoyish etildi.

Viloyat san’at ustalari, badiiy jamoalar, bolalar musiqa va san’at maktabi tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi, Vatan, istiqlolni madh etib ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Zarif Komilov, Toxirjon Istatov (surat), O‘zA