French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘mondon va askarlar uchrashuvi
16:56 / 2025-11-18

Buxoro viloyatida joylashgan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismda “Qo‘mondon va askarlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati Kengashi, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi hamda faxriylar, harbiy xizmatchilar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda qo‘mondon, polkovnik Qodir Tursunov o‘zining harbiy xizmatdagi ilk damlari, ofitserlik faoliyati davomida bosib o‘tgan yo‘li, harbiy xizmatda erishgan tajriba va yutuqlari haqida so‘zlab berdi.

Suhbat jarayonida bugungi kunda davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, ularning oila a’zolariga berilayotgan ijtimoiy imtiyozlar va keng imkoniyatlar haqida batafsil tushunchalar berildi. 

Shuningdek, uchrashuv davomida askarlarning muddatli harbiy xizmat bo‘yicha dastlabki taassurotlari va fikrlari tinglandi. Ularning taklif va istaklarini inobatga olish, ijobiy tashabbuslarni amalga tatbiq etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

– Suhbat davomida Buxoro viloyati o‘zining boy tarixiy merosi, me’moriy obidalari va diqqatga sazovor maskanlari bilan jahon miqyosida mashhur ekani alohida qayd etildi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati Kengashi bo‘lim boshlig‘i Erkin Sharopov. – Shu munosabat bilan harbiy qismda xizmat qilayotgan askarlarning mazkur shahar tarixi va madaniy hayoti bilan yaqindan tanishishlari maqsadida sayohat va madaniy-ma’rifiy tadbirlarni rejalashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Uchrashuv yakunida askarlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi hamda Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, berilgan ishonchni oqlash va harbiy burchni sharaf bilan bajarishga so‘z berdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.