French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘mondon harbiy xizmatchilar oila a’zolari muammolarini o‘rgandi
07:28 / 2022-05-19

Mudofaa vazirligining Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Zaynobiddin Iminov Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi harbiy qismda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi.

Unda Sariosiyo tumani hokimligi, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi, oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbarlari, Janubiy operativ qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari, harbiy gospital va viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i ishtirok etdi.

– Harbiy xizmatchining oila a’zosi bo‘lish azaldan shon-sharaf sanalgan, – dedi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Zaynobiddin Iminov. – Vatanni himoya qilishdek o‘ta mas’uliyatli va ayni paytda sharafli kasb egalari yonida turib, qishning qahraton sovug‘ida ham, yozning jaziramasida ham ularning o‘z vazifalarini sitqidildan bajarishiga dalda bo‘lib kelasiz. Ota-ona, opa-singil, aka-uka va boshqa yaqinlaringizdan olisda ularning sog‘inchi bilan yashasangizda, momolarimizga xos sadoqatingizni hamisha namoyon etib turasiz. Oilangizga mehringiz, turmush o‘rtog‘ingizga hurmatingiz va yurt osoyishtaligini ta’minlashga qo‘shayotgan hissalaringiz uchun barchangizga rahmat aytaman.

Qo‘mondon qabulida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uy-joy masalasi, ish bilan ta’minlash, turmush o‘rtog‘ining xizmat vazifasini ota-onasi yashayotgan hududda davom ettirishiga ko‘maklashish kabi masalalarni o‘rtaga tashladi.

– Buxoro viloyatidanmiz. Mudofaa vazirligi bizni uy bilan ta’minlagan, – deydi III darajali serjant Jahongir Xalilovning turmush o‘rtog‘i Shahnoza Hikmatova. – Hayotimizdan nolimaymiz. Hammasi yaxshi. Biroq, keyingi paytda qaynotam va qaynonam bizning qaramog‘imizga ehtiyoj sezib qoldi. Nima ham, deysiz? keksalikda. Shu masalani o‘rtaga tashlagan edim, joyida yechimi topildi. Qo‘mondon telefon orqali masalamizni hal etib berdi. Turmush o‘rtog‘imning xizmati yaqin kunlarda Buxoro garnizonidagi harbiy qismlardan biriga ko‘chiriladigan bo‘ldi. Mamlakatimizda inson qadri yuksak darajada ulug‘lanayotganini o‘z oilamiz misolida ham chuqur his etdim.

Harbiy xizmatchilar oila a’zolarining uy-joy bilan ta’minlashga oid murojaatlari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi. Bandlik masalasini hal etishga ko‘maklashish so‘ralgan murojaatlar joyida yechimini topdi. Ochiq muloqot yakunida harbiy qism komandirining ma’naviy va ma’rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi – madaniyat markazi boshlig‘i Surayyo Rahmonova tinchlik ulug‘langan she’rini o‘qib, uni qo‘mondonga topshirdi. Harbiy xizmatchilar oila a’zolarining muammolarini o‘rganib, hal etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Janubiy operativ qo‘mondonligidagi boshqa harbiy qismlarda ham harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun ommaviy qabul o‘tkazish rejalashtirilgan.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,

O‘zA muxbiri