Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘mitalar faoliyatiga qanday baho berildi?
17:58 / 2022-02-08

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bir qator qo‘mitalarning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotlari eshitildi.

 Xususan, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi Vahobjon Muratqobilov qo‘mitaning 2021 yildagi faoliyati yuzasidan axborot berar ekan, qo‘mita qonun ijodkorligi faoliyati yo‘nalishida 13 ta qonun loyihasi uchun mas’ul bo‘lganini qayd etdi.

Parlament nazorati doirasida joylardagi tizimli muammolarni hal etishga, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari zimmasidagi muhim masalalarning o‘z vaqtida ijro etilishi holatini o‘rganishga hamda o‘rganish yakunlari bo‘yicha ma’sullarning axborotini qo‘mita yig‘ilishlarida eshitib borishga alohida e’tibor qaratildi.  
 
Hisobot davrida qo‘mita tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida 18 ta tadbir o‘tkazildi. Shundan 16 tasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitishga, 2 tasi qonun va qonunosti hujjatlarini ijrosini o‘rganish, 2 tasi Qonunchilik palatasi qarorlari, 6 tasi esa qo‘mita qarorlari ijrosiga doir masalalarga taalluqlidir.  
 
O‘tgan davrda qo‘mita nomiga kelib tushgan jami 1054 ta murojaatning 814 tasiga ijobiy yechim topildi.  
 
Shuningdek, majlisda Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti ham eshitildi.   
 Ta’kidlanganidek, qo‘mita o‘tgan davrda qonun ijodkorligi yo‘nalishida 7 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘lib, ularning barchasi qabul qilindi. Shuningdek, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish, davlat tilining ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qo‘llanilishini ta’minlash, uni rivojlantirish hamda ommalashtirish borasidagi masalalarning huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan 1 ta yangi tahrirdagi qonun ustida ish olib borildi.  
 
Parlament nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biri nazorat tahlil tartibida joylarda sohaga oid qo‘mita tomonidan qonunlar va qonunosti hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan o‘rganish yakunlari bo‘yicha davlat va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining axborotini eshitishga alohida e’tibor qaratildi. Dolzarb masalalar yuzasidan 31ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Shuningdek, qo‘mitaning murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.   
 
Majlisda Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi faoliyati sarhisobi ham tinglandi. Qo‘mitaning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risida qo‘mita raisi o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev axborot berdi.   
 
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda qo‘mita mas’ulligida 10 ta qonun loyihasi maromiga yetkazilib, qabul qilindi. Nazorat-tahlil yo‘nalishida bir qator tadbirlar tashkil etildi. 12 da davlat hokimiyati organlari vakillarining axborotlari eshitilgan. Xususan, Tashqi ishlar vazirligining fuqarolar murojaatlari bo‘yicha axboroti tinglandi.   


 
Muhtarama Komilova, O‘zA