O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova Yangiyo‘l tumanida yoshlarni katta hayotga tayyorlash, ayollar bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab Toshkent viloyati mas’ullari hududdagi “Qirsadoq” mahallasida yangidan ish boshlagan "Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash maktabi", "Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi", "Ijtimoiy reabilitatsiya" xonalarining ochilish marosimida qatnashdi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Hududda oilaviy ajrimlarning oldini olish, sog‘lom muhitda farzand tarbiyalashda ushbu maskanlar katta ahamiyatga ega. Hozirgacha tumanda 629 ta oila 16 soatlik dars mashg‘ulotlarini o‘tib FHDYO bo‘limlariga qonuniy nikohlarini rasmiylashtirish uchun yo‘llanma olgan.
Tadbir davomida tadbirkorlik markazini tugatib, 40 soatlik dars soatlarini tikuvchilik yo‘nalishida tamomlagan qizlarga sertifikatlar topshirildi.
Shundan so‘ng qo‘mita raisi tumanning 30 nafar targ‘ibotchi xotin-qizlar faollariga hududda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida aytib o‘tdi. Tuman hokimligida o‘z tadbirkorligini boshlagan xotin-qizlar tomonidan hunarmandchilik namunalari va meva-sabzavotchilik tarmoqlarida yetishtirilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Shu yerda yangiyo‘llik tadbirkor ayollar uchun suhbat ham o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan xatlov natijasida aniqlangan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga nogironlik aravachalari topshirildi.
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi tumandagi 64 nafar mahallaning xotin-qizlar faollari bilan uchrashib tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazdi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan mas’ullarga muddatlari ko‘rsatilgan xolda manzilli tavsiyalar berildi.
Xotin-qizlar faollarining ish samaradorligini oshirish maqsadida Toshkent viloyati hokimi, tuman sektor rahbarlari tashabbusi bilan 64 ta mahalla xotin-qizlar faollariga planshetlar topshirildi.
A.Musayev, O‘zA