English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘mita mudofaa, jamoat xavfsizligi, xorijdagi fuqarolar huquqlari himoyasi masalalarida eshituvlar o‘tkazgan
12:43 / 2026-01-28

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda qo‘mitaning 2025 yilgi faoliyati yakunlari hamda joriy yildagi rejalari yuzasidan ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida qo‘mita 26 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘ldi. Qabul qilingan qonunlar jinoyatchilikning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Xususan, jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyillarini kuchaytirish, mahkumlar uchun masofaviy video-uchrashuvlar va kitob o‘qish orqali jazo muddatini qisqartirish amaliyoti qonun bilan mustahkamlandi.

Shuningdek, qo‘mita a’zolari tashabbusi bilan xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash va korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan qator muhim qonunlar qabul qilindi. Fuqarolar bilan bevosita muloqot qo‘mita faoliyatining muhim qismi bo‘lib, o‘tgan davrda 348 ta murojaat ko‘rib chiqildi.

[gallery-27337]

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar koloniyalari va jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkazilgan o‘rganishlar asosida mahkumlarni kasb-hunarga o‘rgatish, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qonunchilik tashabbuslari ilgari surilgan holda, aniq takliflar ishlab chiqildi.

Ochiq muloqotda qo‘mitaning parlament nazorati doirasidagi faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Qo‘mita tomonidan mudofaa, jamoat xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, tashqi iqtisodiy aloqalar hamda xorijdagi fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan vazirlik va idoralar axborotlari eshitilgani, parlament so‘rovlari yuborilib, joylarda nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazilgani aytib o‘tildi.  

Xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish jarayonida milliy manfaatlar, mintaqaviy xavfsizlik, inson huquqlari va gumanitar hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.  

Qo‘mitaning joriy yilgi rejalari haqida to‘xtalib o‘tilar ekan, yaqinda Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Mudofaa doktrinasi hamda Milliy xavfsizlik konsepsiyasini takomillashtirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda faol bo‘lish aytib o‘tildi. Ochiq muloqotda jurnalistlarning savollariga javoblar qaytarildi.  

Muhtarama Komilova,  

Asliddin Alijonov (surat),  

O‘zA