Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘mita faoliyati sarhisob qilindi
15:17 / 2026-01-22

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan 2025 yilgi faoliyat yakunlari hamda joriy yildagi rejalar yuzasidan onlayn brifing o‘tkazildi.

Brifingda ta’kidlanganidek, qo‘mita o‘tgan yildagi faoliyatida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalaridagi nutqlarida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, inson huquqlarini faol muhofaza qilish kabi muhim yo‘nalishlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratdi.

Xususan, qo‘mita a’zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 2 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi va qabul qilindi. Birgina “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddatini 3 yildan 5 yilga o‘zgartirish, fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda bo‘shab qolgan o‘rinlarga yangi saylov o‘tkazish orqali fuqarolar yig‘ini raisini 5 yil muddatga saylash tartibini belgilash nazarda tutildi.

Hisobot yilida qo‘mita 14 ta qonun loyihasiga mas’ul bo‘ldi. Ko‘rib chiqilgan loyihalarda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, fuqarolar yig‘inlari raislari faoliyatini samarali tashkil etish, homiylik faoliyatini tartibga solish, nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, jamoat fondlari faoliyatidagi byurokratik talablarni qisqartirish, parlamentda muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirish kabi dolzarb masalalarning huquqiy asoslari aks ettirildi.

Qo‘mita bir qator ilmiy institutlar, “aql markazlari” bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. 

Sohalarni raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarning vazirliklar va idoralar tomonidan o‘z vaqtida bajarilishi ustidan parlament nazorati o‘rnatildi. Qo‘mita tashabbusi bilan Adliya vazirining “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy holatlar kelib chiqishining oldini olish hamda aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti Qonunchilik palatasi majlisida eshitildi.

Qo‘mita joriy yilgi faoliyati davomida Prezidentimiz Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga e’tibor qaratishni rejalashtirgan. Eng avvalo, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, Bolalar ombudsmani faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihalarini ishlab chiqish maqsad qilingan.  

Muhtarama Komilova, O‘zA