Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining yig‘ilishida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
— bugungi kunda deputatlarning o‘z saylov okrugida bo‘lib, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, mazkur yo‘nalishda samarali tizimni yo‘lga qo‘yish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi qo‘mita a’zosi Mavjuda Hasanova. — Qonunchilik palatasiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan berilgan takliflarni qo‘mitalar majlislarida muhokama qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar qay darajada hal etilayotganligi ustidan ta’sirchan parlament nazorati o‘rnatilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida qo‘mita a’zolariga 506 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ular qonun doirasida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilgan. So‘nggi yillarda fuqarolar tomonidan Qonunchilik palatasi hamda uning qo‘mitalariga yo‘llanayotgan murojaatlarning mazmun-mohiyati avvalgilaridan butunlay farq qilmoqda. bugungi kunda ularning tarkibida amaldagi qonun hujjatlariga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga doir takliflar salmog‘i ortib boryapti. Masalan, qo‘mitaga mana shunday mazmundagi 33 ta taklif kelib tushgan. Bu aholining huquqiy va siyosiy savodxonligi oshib borayotganligidan dalolat beradi.
Ta’kidlanganidek, qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha fuqarolardan kelayotgan takliflarning aksariyatidan qonun ijodkorligi jarayonida foydalanilmoqda. Tadbirda amaldagi qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif bergan fuqarolar — X.Pirnazarov, S.Sultonbekova, J.Zulfiqorov, D.Hodiyev hamda S.Jo‘rayev ham ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ularning takliflari qo‘mitada ko‘rib chiqilayotganligi aytib o‘tildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA