Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan OAV vakillari uchun o‘tkazilgan ochiq muloqotda qo‘mitaning 2025 yilgi faoliyati yakunlari hamda joriy yildagi rejalari yuzasidan axborot berildi.
Taqdimotda ta’kidlanganidek, qo‘mita 2025 yil davomida 40 ta qonun loyihasi (bundan tashqari, 7 tasi jamlanma qonun loyihasi) uchun mas’ul bo‘ldi, ulardan 31 tasi qabul qilinib, Oliy Majlis Senatiga yuborildi, 3 tasi birinchi o‘qish, 2 tasi ikkinchi o‘qish va 3 tasi uchinchi o‘qish muhokamasiga tayyorlanmoqda.

Ko‘rib chiqilgan qonun loyihalarida sud majlislarida ishtirok etish jarayonini soddalashtirish, fuqarolar uchun masofadan turib sud muhokamalarida ishtirok etish imkonini yaratish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish, nizolarni sudgacha hal etish, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish amaliyotiga xususiy ayblov institutini joriy qilish, ayrim huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llash, maxsus foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilishi muddatlarini aniq belgilash kabi normativ-huquqiy masalalar aks ettirildi.
Qo‘mita a’zolari tomonidan 3 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida quyi palata muhokamasiga kiritildi. Bundan tashqari, qo‘mita a’zolari 9 ta qonun loyihasini ishlab chiqish va qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasiga kiritishda ishtirok etdi.

Masalan, deputatlar tashabbusi bilan fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, odometrni soxtalashtirganlik (“probeg”ni kamaytirish) uchun javobgarlik belgilandi. Jinoyat ishini yuritish chog‘ida shaxslarning tergov hibsxonalarida saqlanayotgan davrida ularni qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi qonun kiritildi va qabul qilindi.
Qo‘mita a’zolari tomonidan mansabdor shaxslarga saylovchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 10 ta deputat so‘rovi yuborildi. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda ularni hal etish borasida qo‘mita nomiga kelib tushgan 2 mingdan ortiq murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA