Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘lyozmalarni saqlash va ta’mirlash borasida tajriba almashildi
12:07 / 2025-11-10

Ajdodlarimizdan meros boy ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy manbalarni, qo‘lyozma asarlarni saqlash, an’anaviy amaliy san’at namunalarini o‘z holicha asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish ushbu yo‘nalishdagi tajribali mutaxassislardan alohida mahorat va yondashuvni talab etadi. Bir necha asrlarga borib taqaladigan noyob qo‘lyozma asarlarni ziyon yetkazmasdan saqlash va ta’mirlashning o‘ziga xos usullari bor, albatta. Bu usullarni puxta egallagan mutaxassislarni tayyorlash va tajribasini boyitib borish dolzarb ahamiyatga ega.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti vakillaridan iborat delegatsiya Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi — TIKA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida “Qo‘lyozma asarlarini saqlash va an’anaviy amaliy san’at” mavzusidagi o‘quv dasturida ishtirok etdi.

O‘quv dasturi Turkiya qo‘lyozmalar idorasiga qarashli RAMI kutubxonasida tashkil etildi. O‘quv mashg‘ulotlari davomida “Kutubxona va arxivlarda profilaktik himoyaning ta’rifi va ahamiyati”, “Qo‘lyozmalarda ko‘rilgan zararlarni aniqlash”, “Qo‘lyozma asarlarni saqlash va an’anaviy amaliy san’at”, “Kitoblarni saqlash, muhofaza qilish”, “Ko‘rgazmada ishlatiladigan saqlash choralari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Dastur doirasida Sulaymoniya qo‘lyozmalar kutubxonasiga ham tashrif buyurildi. Delegatsiya vakillari kutubxonaning biologiya va kimyo laboratoriyasida bo‘lib, qo‘lyozmalarni saqlash va ta’mirlashdagi jihozlar hamda fond bilan tanishdi.  

Ushbu o‘quv dasturi doirasida delegatsiya a’zolari jami yigirmadan ortiq nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, biriktirilgan mutaxassis hamda kutubxonada faoliyat yuritayotgan 10 nafarga yaqin restavratorlar bilan o‘zaro tajriba almashdi.  

Bir hafta mobaynida yuqori darajada tashkil etilgan o‘quv dasturi yakunida TIKA tashkiloti mas’ullari va RAMI kutubxonasi rahbariyati tomonidan baholash o‘tkazilib, institutning professor-o‘qituvchilari maxsus sertifikatlar bilan  taqdirlandi.

TIKA tashkiloti hamda RAMI kutubxonasi rahbariyati va mutaxassislari kelgusida bu kabi tajriba almashish uchun katta imkoniyat yaratuvchi dasturlarni tashkil etish lozimligini ta’kidladi. Dastur davomida olingan bilim va ko‘nikmalar o‘quv jarayoniga yangiliklarni tatbiq etish, malakali kadrlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA