Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘ldan berganga qush to‘ymas...
15:56 / 2021-06-08

Kimgadir yordam bermoqchi bo‘lsang, unga baliq berma, baliq tutishni o‘rgat, deyishadi. Zero, uning shu orqali uzoq vaqt rizq-nasiba topib yeyishi ehtimoli yuqori.

Bugun ishsizlik butun dunyoda dolzarb muammoga aylangan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholining ishsiz qatlami bandligini ta’minlash, “Ayollar daftari, “Temir daftar” va “Yoshlar daftar”lari tashkil etilib, ularga kiritilgan aholi vakillari bilan alohida-alohida ishlash, o‘z-o‘zini bandligini ta’minlashi uchun imkoniyatlar yaratib berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.  

Xususan, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.  

Hududda birgina “Ayollar daftari” bo‘yicha bajarilgan ishlar tahlil qilinganda ijobiy natijalar ko‘zga tashlanadi.

Shahardagi “Otchopar” mahalla fuqarolar yig‘inida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 306 nafar ayolga toifalarga bo‘lingan holda yordam ko‘rsatilmoqda. Ushbu mahallada yashovchi Feruza Salayeva shu paytgacha ish topa olmasdan qiynalib kelardi. Mahallaning qo‘llab-quvvatlashi va bank ko‘magi bilan mo‘’jazgina issiqxona tashkil qildi.  

– “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz ayollarga imtiyozli kreditlar ajratilayotganini eshitib, hujjatlarni topshirdik, – deydi F.Salayeva. – Tez kunlarda ishlarimiz hal bo‘ldi va bizga 30 million so‘m kredit ajratiladigan bo‘ldi. Ushbu mablag‘ hisobiga joriy yilning mart oyida 4 sotix maydonda issiqxona qurdirdik va unga “Orzu” navli bodring ko‘chatlarini ekdik. Turmush o‘rtog‘im ham ishsiz edi. Issiqxonada oilaviy mehnat qildik. Qisqa muddatda mehnatlarimiz o‘z samarasini berdi. 40-45 kunda hosil tayyor bo‘ldi. May oyidan boshlab hosilni bozorga olib chiqdik. Shukrki, daromadimiz yomon emas. Ro‘zg‘orimiz but. Ortganiga uy-joylarimizni tartibga keltiryapmiz.  

Ha, halol mehnat ortidan kelgan rohat sururi o‘zgacha bo‘ladi. Shu mahallalik Nazira Esonova ham ishsizligi tufayli “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, uyda farzandlar tarbiyasi, bu yog‘i ro‘zg‘or tashvishi bilan uzoq masofalarga qatnab ishlashning imkonini qila olmayotgan edi.  

– Bankdan olingan 30 million so‘m imtiyozli kredit hisobiga 2 sotix zamonaviy issiqxona qurdirdik, – deydi N.Esonova. – Avvaliga eplay olmasak kerak, deb o‘ylagandik. Bodring ekdik. Mutaxassislar maslahati bilan kerakli agrotexnik tadbirlarni vaqtida bajardik. Dastlab hosil kilosini 10 ming so‘mdan sotdik. Qarasak, daromadi yomon emas. Keyin turmush o‘rtog‘im ham bu ishlarga qiziqib qoldi. Mijozlar mahsulotni uyimizning o‘zidan olib ketadi. Kelgusida issiqxonani yanada kengaytirishni maqsad qilyapmiz. Kuniga 3-4 soat mehnat qilamiz, xolos. Uy-ro‘zg‘or ishlarini ham qilishga ulguryapman.  

Qarshi shahrida jami 279 ming 600 nafar aholi bo‘lib, shundan 139 ming 800 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning 62 ming 343 nafari 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar bo‘lib, shundan 3 ming 33 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Belgilangan dasturlar asosida olib borilgan sa’y-harakatlar asosida bugungi kunda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 2 ming 909 nafar ya’ni 96 foiz xotin-qizning muammolari ijobiy hal etilgan.  

Darhaqiqat, yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlardan unumli foydalangan xotin-qizlar o‘z ishlarini yo‘lga qo‘yib, oila byudjetiga foyda keltirmoqda. Masalan, Qarshi shahridagi “Mahallot” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Rohila Begmatova uzoq yillardan buyon tikuvchilik bilan shug‘ullanadi. Lekin faoliyatni kengaytirish uchun mablag‘ masalasida qiynalib kelardi.  

– Bankdan 20 million imtiyozli kredit olib, tikuv dastgohlari xarid qildik, – deydi R.Begmatova. – Shuni evaziga faoliyatimizni kengaytirdik. Mahalla idorasi yonidagi bo‘sh turgan binoni foydalanish uchun bepul berishdi. Shu yerda kichik tikuvchilik sexi ochib, uchta ish o‘rni ham yaratdik. Ayollarning milliy liboslarini tikamiz. Qo‘shimcha buyurtmalar ham qabul qilamiz. Xullas ishlarimiz yomon emas. O‘zim hunarmand uyushmasi a’zosiman. Bundan tashqari, ushbu hunarga qiziquvchi xotin-qizlarni bosqichma-bosqich o‘qityapmiz ham.  

Shu mahallalik Hulkar Sharipova esa, ayollarga yaratilgan qulayliklardan foydalanib, shinamgina go‘zallik saloni faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

– Go‘zallik saloni ochish uchun biroz mablag‘ yetmay turgandi, – deydi H.Sharipova. – 25 million so‘m bank krediti olib, ishni boshlab yubordik. Ushbu mablag‘ evaziga salon jihozlari xarid qildik. Uyimizning ko‘cha tomonga qaragan xonasini ta’mirlab, ko‘cha tomondan eshik ochdik. Ta’mirladik. Uchta ish o‘rni ham yaratdik.  

[gallery-2705]

Ma’lumot o‘rnida, Qarshi shahridagi ishsiz va kam ta’minlangan xotin-qizlarning muammolariga toifalarga bo‘lingan holda yechim topilmoqda. Masalan, bugungi kunga qadar 950 nafar ayolga tikuv mashinalari, pishiriq pechi, kompyuter jamlanmasi berilib, o‘z-o‘zini band qilish tashkil etilgan. Monomarkaz va 11 ta MFYlarda o‘quv-markazlari ochilib, tikuvchilik, hunarmandlik, kompyuter savodxonligi, pazandalik, buxgalteriya hisobi bo‘yicha jami 371 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitilib sertifikat berilgan. 472 nafar xotin-qizga tikuvchilik, go‘zallik saloni, non va non mahsulotlari, pazandalik, kompyuter xizmatlari, parrandachilik, issiqxona yo‘nalishlarida imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lib, ayni paytda ularning barchasi ish faoliyatini boshlagan.

Shahardagi Qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi Nasiba Ochilova ham “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Uyiga yaqin hududda restoran va kafelar hamda kattagina oziq-ovqat dehqon bozori joylashgan. Uyda bekor o‘tirgandan ko‘ra, novvoylik qilib, non sotishni maqsad qildi. Imtiyozli bank krediti esa uning bu maqsadini ro‘yobga chiqishida muhim omil bo‘ldi.  

– Bankdan olingan 20 million so‘m hisobiga un mahsulotlari olib, novvoylik faoliyatini boshlab yubordik, – deydi N.Ochilova. – Bunda oila a’zolarim menga asosiy ko‘makchi. Pishirilgan nonlarni choyxona va bozorga sotyapmiz. Asosiy e’tiborni sifatga qaratganmiz. Shukrki, buyurtmalar ko‘p.  

Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi, degan naql bejiz aytilmagan. Muammolar girdobida qolgan fuqarolarga moddiy yordam berishdan ko‘ra, ularni ma’lum bir kasblarga yo‘naltirish orqali qo‘llab-quvvatlash eng samarali usul ekanligini keyingi paytlarda joylarda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar” bo‘yicha qilinayotgan ishlarning ijobiy natijalari ko‘rsatib turibdi.

 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA