Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “A.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli savdo do‘koni sotuvchisi R.A. 180 dona “Qoratov” qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini 4,2 million so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Ushbu do‘kondan yana 52 dona alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi. Shuningdek, R.A.ning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda fuqaro Ye.B. qalbaki aksiz markali 120 dona “Qoratov” alkogol mahsulotini 2,1 million so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning boshqaruvida yuk avtotransport vositasidan yana 240 dona alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi.
Xuddi shunday, Ye.B.ning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda fuqaro T.N. 240 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini 3,1 million so‘mga sotgan vaqtida ushlandi. Uning xonadonida tashkil etilgan yashirin sexdan qo‘lbola alkogol ishlab chiqarishda foydalanilgan jami 4 ming 100 dona qopqoq va boshqa tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA