Motivatsiya!
«Agar kimdir bir ishni qilgan bo‘lsa, sen ham qilishing mumkin! Lekin hech kim qilmagan bo‘lsa, uni, albatta, sen qilishing kerak!»
Bu «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohibi, bir paytda ham qo‘lida, ham oyog‘ida noodatiy suratlar chizib, ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan rassom, san’atga hayotini bag‘ishlagan ijodkor Shohrux Suyunovning hayot va ijod yo‘lida tanlagan shioridir.
Rassomchilik yo‘lida ko‘pgina qiyinchiliklarga duch kelgan, atrofidagilarning «bu sohada tirikchilik qilib bo‘lmaydi» degan dashnomlariga qaramay, o‘zi tanlagan yo‘nalishda e’tibor va ehtiromga sazovor bo‘lgan bu yigitning ijodi haqida ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak. Noodatiy portretlar chizib, insonlarni san’at orqali hayratga solishni maqsad qilgan Shohrux bugun bu niyatlariga erishmoqda.
1998 yil 20 iyulda Navoiy viloyati Nurota tumanida, pedagoglar oilasida tug‘ilgan Shohrux Suyunov biz bilan suhbatda rassomchilikka bo‘lgan qiziqishi bolaligidayoq boshlanganini aytdi:
— Bolaligimda ilk bor qizil ruchkada shifokor suratini chizganman. Otam menda san’atga mehr va ishtiyoq borligini sezib, doim qo‘lladilar, yo‘l ko‘rsatdilar. San’atga bo‘lgan ishtiyoqim meni Navoiy viloyati ixtisoslashtirilgan san’at maktabi, keyinchalik Navoiy madaniyat va san’at kollejiga yetakladi. 2023 yilda Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutining bakalavr yo‘nalishini tamomlab, hozirda ushbu oliygohning magistratura bosqichida tahsil olyapman. O‘qish bilan birga o‘z shaxsiy "Suyunov Art Studio" o‘quv markazimni yo‘lga qo‘yib, san’atga qiziqqanlarga bilim berishga, o‘zimda borini o‘rgatishga harakat qilyapman.
San’at orqali insonlarni o‘ylashga, jamiyat muammolariga e’tibor qaratishga undashga harakat qilaman. Ijod – bu nafaqat chizish yoki yaratish, balki muammolarga yechim topish, hayotga yangi nigoh bilan qarash. Maqsadim san’at orqali insonlarni ilhomlantirish, ularga yangi imkoniyatlar eshigini ochish va bu sohada yangi tarix yozish! Bugunga qadar erishgan har bir muvaffaqiyatimning sababini ota-onamning duolarida deb bilaman.
Ijodim davomidagi eng qadrli asarlaridan biri – ustoz Sherali Jo‘rayevning «Birinchi muhabbatim» qo‘shig‘i matnidan foydalanib, u kishining portretini chizishim bo‘ldi. Bunga 12 soat vaqt sarflaganman. Eng mashaqqatli ijodim esa ip yordamida portret chizish bo‘ldi. Bunga 16 soat vaqt sarfladim. Natijada qo‘lim bir kun ishlamay qoldi. Lekin san’at fidoyilikni talab qiladi.
Bundan tashqari, ijodiy imkoniyatlarimni namoyon etish uchun Rossiyaning «Ajoyib odamlar» loyihasida ishtirok etdim. Bu loyiha men uchun katta tajriba bo‘ldi. Chunki unda ikki qo‘lim va ikki oyog‘im bilan bir paytda rasm chizdim. Bu nafaqat mening ijodiy qobiliyatim, balki insonning imkoniyatlari cheksiz ekanini isbotlovchi dalil bo‘ldi, — deydi yosh ijodkor.
Shohrux rassomlikdan tashqari, intellektual o‘yinlarga ham qiziqadi. “Zakovat” intellektual o‘yini, rubik-kubik yig‘ish, bestseller kitoblarni mutolaa qilish va futbol o‘ynash uning sevimli mashg‘ulotlaridan. 3x3 kubikni ikki qo‘lda 15 soniyada, bir qo‘lda 20 soniyada yig‘ib, shaxsiy rekordini ko‘rsatgan. U WCA (World Cube Association) a’zosidir.

Yosh va iste’dodli rassom Prezident qo‘lidan «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotini olgan kunini hayotidagi eng sharafli kunlardan biri sifatida eslaydi. Bunday sharafga erishgani uni yanada ilhomlantirdi, yangi maqsad va marralar sari yetakladi.

Shohrux Suyunov maqsadga erishish yo‘lida o‘z tengdoshlariga murojaat qilar ekan, inson avvalo, o‘ziga ishonishi va doimiy harakatda bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi:

— Inson orzularini hech qachon kichik sanamasligi kerak. Biror maqsadni oldingizga qo‘ydingizmi, albatta, unga erishish mumkin. Atrofdagilarning fikri, «bu mumkin emas» degan gaplar insonni to‘xtata olmasligi lozim. Chunki sinab ko‘rmasang, haqiqatni bilmaysan.

Ijod – bu o‘z yo‘lingni topish, boshqalarga taqlid qilish emas. Shuning uchun tashabbus ko‘rsatish, yangilik kiritishga intilish lozim. Har qanday qiyinchilik – muvaffaqiyat kaliti! Eng katta natijalarga yetkazadigan narsa bu sabr va harakatdir. Har bir yosh, avvalo, o‘ziga ishonishi kerak. Chunki sen o‘zingga ishonmasang, hech kim senga ishonmaydi. San’at orqali insonlarga ta’sir qilish eng kuchli quroldir. Ijod bilan dunyoni o‘zgartirish, ezguliklarni tarannum etish yo‘lida izlanishdan to‘xtamaslik lozim.


Darhaqiqat, bugun Shohrux Suyunov singari iqtidor va iste’dod egalari yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasi o‘laroq, o‘zini namoyon etmoqda. O‘zbekning mard o‘g‘loni Shohrux ham o‘z yo‘lini topish va bu yo‘lda o‘zini ko‘rsatish barobarida tengqurlari va yosh avlod vakillariga ham san’at va ijod sir-asrorlarini ulashayotgani tahsinga loyiq.
Muhtarama Komilova, O‘zA