Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘l jangi ustalari hokim sovrini uchun kurashdi
17:02 / 2024-06-03

Ayni kunlarda Namanganda ko‘tarinki ruhda davom etayotgan 63-xalqaro gullar festivali doirasida qator ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘ngilochar tadbirlar, sport musobaqalari va tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.

Davlatobod tumanidagi "Afsonalar vodiysi" tematik parki amfiteatrida bo‘lib o‘tgan Namangan viloyati hokimi sovrini uchun qo‘l jangi bo‘yicha Respublika turniri minglab sport ixlosmandlarini o‘ziga chorladi.

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida uyushtirilgan mazkur musobaqada mamlakat va xalqaro miqyosdagi turnirlar, Osiyo va jahon chempionatlari g‘olib-sovrindorlari sanalgan mahoratli qo‘l jangi ustalari 53 kilogrammdan +97 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ringga chiqdi.

Turnirning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov musobaqa ishtirokchilariga omad yor bo‘lishini tiladi. Sportchi va ularning murabbiylarini xalqaro gullar bayrami sayillariga taklif qildi. Shundan so‘ng taniqli san’atkorlar ijrosida badiiy dastur namoyish etildi.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 13 ming 600 AQSH dollarini tashkil etuvchi xalqaro turnirning dastlabki jangida namanganlik Ruxshona Mirzayeva va Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Kamola Amangeldiyeva ringga ko‘tarildi. Qiziqarli kechgan bahsda shijoati bilan ajralib turgan mezbon sportchi ishonchli g‘alabaga erishdi.

Jizzaxlik Anvar Ergashev va maydon egalari jamoasidan Ulug‘bek Jaloliddinov o‘rtasidagi qiziqarli bahsda vohalik sportchining qo‘li baland keldi. Namangan viloyati vakili Shahobiddin Tursunov Toshkent shahridan kelgan Afzal Abdurahimovni uch raund kechgan og‘ir jangda ochkolar hisobiga mag‘lubiyatga uchratdi.

Turnirning kutilmagan “sensatsion” natijasi namanganlik Shirinoy Zohidova va Navoiy viloyati sportchisi Marjona Fayzullayeva o‘rtasidagi bahsda qayd etildi. Xalqaro toifdagi sportchi, bir necha karra O‘zbekiston va jahon chempioni Shirinoy o‘zidan nisbatan kuchsizroq bo‘lgan raqibiga so‘nggi raunddagi sust harakati sababli imkoniyatni boy berdi.

Keyingi janglarda toshkentlik Shukurjon Abdurahimov jamoadoshi Ulug‘bek Nizomiddinovni, poytaxtlik Umida Abdullayeva Toshkent viloyati jamoasi a’zosi Mahliyo Abdumannovani, sirdaryolik Jamshid Otamurodov namanganlik Davron Saminjonovni katta ustunlik bilan “tor-mor” etishdi.

Shiddatli va hayajonli tarzda kechishi kutilgan buxorolik Amirxon Nutfullayev va jizzaxlik Shahboz Mo‘minov o‘rtasidagi bahs uzoqqa cho‘zilmadi. Jangning birinchi raundidayoq raqibini og‘ritish usuli bilan taslim qilgan Amirxon muddatidan avval zafarini nishonladi.

Respublika turnirining barcha ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi. Bellashuvlarda g‘olib chiqqan sportchiga 1000 AQSH dollari, mag‘lubiyatga uchragan raqibga 700 dollari miqdoridagi pul mukofotlari berildi.

Tashkilotchilar Namanganda navbatdagi musobaqa – qo‘l jangi bo‘yicha professionallar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun an’anaviy xalqaro  turnir shu yilning 23-24 iyul kunlari o‘tkazilishini ma’lum qilishdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri