Toshkent shahridagi “Universal” sport majmuasida 14 yanvar – "Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan xizmat vazifasini bajarish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchi va xodimlar xotirasiga bag‘ishlangan qo‘l jangi bo‘yicha Qurolli Kuchlar chempionati bo‘lib o‘tdi.
Chempionatning final janglari ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov hamda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi raisi — Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev musobaqa ishtirokchilari va sportchilarga muvaffaqiyat tiladi.

Chempionatning final bahslarida Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizligi xizmati, Bojxona qo‘mitasi, Mudofaa hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi jamoalari o‘rtasida o‘tgan janglar keskin va murosasiz tarzda kechdi. Musobaqada Ichki ishlar vazirligi jamoasi 4 tadan oltin va kumush medal jamg‘argan holda umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi. Davlat xavfsizligi xizmati jamoasi esa 3 ta oltin, 2 ta kumush medal bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi.

Shuningdek, umumjamoa hisobida 3-o‘rinni Prezident davlat xavfsizlik xizmati (1 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza) va Mudofaa vazirligi jamoalari (1 ta kumush, 3 ta bronza) egalladi.

Tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov, Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Davlat xavfsizligi xizmati raisi Bahodir Qurbonov, Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedov, Favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulaziz Qudratxo‘jayev, Bojxona qo‘mitasi raisi Akmal Mavlonov, Prezident davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari Akmal Mo‘minov hamda sport vaziri o‘rinbosari Sherzod Mahmudov ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlarga kubok, medal, diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA