Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston kubogi g‘oliblari aniqlandi
20:49 / 2025-09-25

Xorazmning bosh sport arenasi hisoblangan Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasining unversal manejida qo‘l jangi bo‘yicha kattalar va o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqalari yakunlandi.

Musobaqada yurtimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, sport klublari hamda sport muassasalari tarbiyalanuvchilari ishtirok etib, o‘z mahorat va jismoniy tayyorgarlik darajalarini namoyon etishdi. 

Kattalar o‘rtasida hal qiluvchi qarama-qarshiliklar jiddiy tus oldi. Murosasiz kechgan janglarda O‘zbekiston kubogi g‘oliblari aniqlandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Respublika ichki ishlar vazirligi jamoasi birinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Davlat xavfsizlik xizmati jangchilari ikkinchi va Namangan viloyati jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. 

Musobaqaning eng yaxshi sportchilari qatorida Olimjon Normurodov, Akromali Nishonboyev, Nursulton Seyitmurodov nomlari e’tirof etildi.

[gallery-25465]

—Musobaqa haqiqiy sport bayramiga aylandi, — deydi musobaqa g‘olibi Olimjon Normuradov. —O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining qo‘l jangi federatsiyasi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa mutasaddilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Janglar uchun arenalar va sportchilar uchun boshqa sharoitlar juda yuksak darajada tayyorlangan. O‘z kuchini sinab ko‘rish uchun har bir sportchiga teng imkoniyatlar taqdim etildi,deb hisoblayman. 

Kattalar o‘rtasidagi bahslar yakunlangach, o‘smir sportchilar — 14-17 yosh toifasidagi mahoratli jangchilar 35 ta vazn toifasida aniqlandi. Ushbu musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan jami 900 nafar yosh sportchi o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rdi.

—Ushbu musobaqa yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport orqali vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, shuningdek, sportchilarning salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi, —deydi musobaqa hakamlar xayyatining raisi Husan Ergashev. —Yosh jangchilar bahslarini ham yuqori darajada o‘tkazib, kuchlilarni aniqladik. Aksariyat vaznlarda Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi yakkakurashchilari yuqori texnik va taktik tayyorgarliklarini namoyon etishdi. 

O‘smirlar o‘rtasida qo‘l jangi bo‘yicha O‘zbekiston kubogining eng yaxshi jangchilari qatorida Bibihojat Xabibullayeva, Soliya Olmatova, Asadbek Tursunboyev, Sarvarbek Muzaffarov, Ibodullo Husanov va boshqa sportchilar musobaqaning g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Qo‘l jangining “o‘z-o‘zini himoya qilish” yo‘nalishida Samarkand, Andijon viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari eng yuqori natijalarga sazovor bo‘lishdi. 

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston kubogi musobaqalarida jami 64 medal jamlanmasi uchun bahslar olib borildi. 

G‘olib va sovrindorlar medal, diplom va kuboklar bilan takdirlandi. 

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari