Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasining nazorat inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan muntazam ravishda hududlarda ov qilish qoidalari hamda O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan hayvonot va o‘simlik dunyosi turlarini asrab-avaylash maqsadida nazorat reyd tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlanmoqda.
Shunday nazorat reyd tadbirlaridan biri Konimex tumanidagi Sho‘rko‘l suv havzasida olib borildi. Natijada davlat inspektorlari tomonidan uch nafar ovchi ov qoidalarini buzganlik holati aniqlandi.
Ushbu holat bo‘yicha ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 22,5 million so‘m jarima belgilandi.

Ta’kidlash o‘rinliki, ovchilar ovga chiqqanda quroli bilan birgalikda ov hujjatlarini ham shay holatda olib yurishi shart. Ov hujjatlaridagi kamchiliklar ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shunday holatlardan biri o‘tkazilgan reyd davomida aniqlandi.
Jumladan, fuqaro K.Z. Qiziltepa tumanidagi To‘dako‘l suv havzasi hududida ov yo‘llanmasiga hududni belgilamasdan ovga chiqqanligi sababli ma’muriy javobgarlikka tortildi. U O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasi 1-qismi bilan 7,5 million so‘m miqdorda jarimaga tortildi.
Albatta, davlat inspektorlari tomonidan doimiy ravishda tabiatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan va zarar keltirayotgan fuqarolarga nisbatan zaruriy choralar ko‘rish ishlari ham amalga oshiriladi.
Xatirchi tumani Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan “Yangi” MFYda yashovchi fuqaro J.A. “Bug‘urdoq” MFYda ov qilib yurgan vaqtida ov yo‘llanmasi yopmaganligi aniqlandi.
Ushbu holat bo‘yicha huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasi, 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 7,5 million so‘m jarima belgilandi.
Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasining nazorat inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan nazorat reyd tadbirlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev O‘zA muxbiri