Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoidabuzarliklarning 33 foizi foto va video vositalar orqali aniqlanmoqda
19:42 / 2020-11-27

Parlament quyi palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Ikromovning 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Vazirlikning axborotiga ko‘ra, 2020 yilning 9 oyi davomida jami 3 million 900 dan ziyod yo‘l harakati qoidabuzarliklari aniqlanib, bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shularning 33 foizi foto va video maxsus vositalari orqali aniqlangan. Bundan tashqari, 2019 yilning iyul oyidan 2020 yil 1 oktyabr kuniga qadar jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali 83 ming 693 qoidabuzarlik holatlari aniqlangan va 22,6 milliard so‘m miqdordagi jarimalar davlat byudjetiga undirilgan.

Eshituvda deputatlar yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha faoliyat samaradorligini baholovchi asosiy ko‘rsatkichlarga alohida e’tibor qaratdilar. Ushbu sohada bir qator ijobiy o‘zgarishlar bilan birga mavjud tizimli muammolar va kamchiliklar ham ta’kidlab o‘tildi.

Xususan, vazirlik bergan javobda qayd etilganidek, 2020 yilning 9 oyida yo‘l transport xodisalar soni 4 ming 294 tani tashkil etdi. Oqibatda 1 ming 293 nafar inson halok bo‘ldi, 3 ming 886 tasi tan jarohati olgan. Bolalar o‘rtasidagi yo‘l-transport xodisalari esa joriy yilning 9 oyida 740 tani tashkil qilgan bo‘lib, oqibatda 163 nafar bola halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich ya’ni, halok bo‘lgan bolalar soni 2019 yilda 158 tani tashkil qilgan.

Deputatlar tomonidan yo‘llarda, ayniqsa, Toshkent shahrida yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi va tirbandlikning hosil bo‘lishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilish va bartaraf etish, avtomobil qo‘yish va ko‘p qavatli avtomobil to‘xtab turish joylari qurish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga ham tanqidiy baho berildi.

bugungi kunda mamlakatimizda jami 285 ta transport vositalarining to‘xtash joylari mavjud. Mazkur maydonlarning 95 tasida asfalt qoplamasi, 220 tasida evakuator hamda kuzatuv kameralari mavjud emas.

Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur muammolarning o‘z vaqtida bartaraf etilmaganining boisi, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida tizimli tahlil ishlari olib borilmaganidandir. Vaholanki, konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati qoshida yo‘l harakati xavfsizligi muammolari bilan shug‘ullanuvchi Ilmiy tadqiqot markazi tuzish belgilangan bo‘lsada, uning ijrosi ta’minlanmagan.

Ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalarining xodimlari xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi ustidan nazoratni kuchaytirish, ular orasida korrupsiya va vakolatni suiiste’mol qilish xolatlarining oldini olish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2020 yilning 9 oyida 642 nafar xodimlarga nisbatan turli intizomiy choralar ko‘rildi.

Bundan tashqari eshituvda Hukumat darajasida respublikamizning xohlagan hududida avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish mumkinligi bo‘yicha qoidalar kiritish, svetoforli chorrahalarda o‘nga burilish belgilarining qamrovini kengaytirish, haydovchilik guvohnomalarini yo‘qotgan shaxslarga dublikat berishda tibbiy ma’lumotnomalarni talab qilishni bekor qilish, jarima maydonlarida avtotransport vositalarini saqlash muddatlarini qat’iy belgilash hamda haydovchilik guvohnomalarini olishda inson omilini kamaytirish orqali nazariy imtihonlarni onlayn shaklda o‘tkazish takliflari ma’qullandi.

Tadbirda deputatlar yo‘l-transport hodisasini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarisiz hodisa ishtirokchilari tomonidan mustaqil rasmiylashtirish mexanizmini joriy etishni ham taklif qildilar.

Shuningdek, yo‘llarda yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi, tirbandlikning hosil bo‘lishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, yo‘l harakati qoidalarining buzilishi profilaktikasi tizimini takomillashtirish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga takliflar berildi.

Eshituv yakunida qo‘mita tomonidan mazkur masala ustidan doimiy parlament nazorati olib borilishi ma’lum qilindi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA