French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qoidabuzarliklar hamon to‘xtamayapti
16:56 / 2026-01-21

Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari nafaqat iqtisodiy zarar, balki aholi xavfsizligi uchun ham jiddiy tahdid hisoblanadi. Shunga qaramay, ayrim hududlarda bunday qoidabuzarliklar hamon uchrab kelmoqda.

“Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi topshirig‘iga muvofiq o‘tkazilayotgan navbatdagi nazorat tadbirlari davomida bu gal Yangiyer shahrida qonunbuzilish holati aniqlandi. “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filiali, O‘zenergoinspeksiya hamda huquq-tartibot organlari hamkorligida o‘tkazilgan o‘rganishlar chog‘ida A. Jomiy mahallasidagi Chiroqchi ko‘chasida joylashgan xonadonda tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanish fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi gaz hisoblash uskunasidan tashqari holda, polietilen quvur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaz tarmog‘iga ulangan. Bu esa nafaqat davlat manfaatlariga zarar yetkazadi, balki portlash va yong‘in kabi og‘ir oqibatlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.

– Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish oddiy qoidabuzarlik emas. Bu, avvalo, jamoat xavfsizligiga nisbatan befarqlikdir. Nazorat tadbirlari izchil davom etmoqda, ammo eng muhimi — iste’molchilarning qonun talablariga amal qilib, xavfsizlik masalasiga mas’uliyat bilan yondashishidir, – deydi “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta’minoti filiali mahalla iste’molchilari bilan ishlash bo‘limining boshlig‘i Baxtiyor Baratov.

Holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, 66 million 432 ming so‘m miqdoridagi zarar qayta hisob-kitob qilindi. To‘plangan materiallar belgilangan tartibda huquq-tartibot organlariga yuborildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri